Jahon | 12:46 / 16.11.2015
4957
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya bosh vaziri: IShID Yevropada yangi teraktlar sodir etishga tayyorlanmoqda

Fransiya bosh vaziri Manuel Valsning RTL telekanali efirida ma'lum qilishicha, IShID tomonidan Yevropada yangi teraktlar sodir etilishi xavfi mavjud.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar "Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida navbatdagi teraktlarning amalga oshirmoqchi".

Vazirning qayd etishicha, Parijdagi davomli teraktlar o‘tkazish rejasi Suriya hududida ishlab chiqilgandi.

"Bizning avlodimiz uzoq vaqtgacha terror xuruji tahdidi ostida yashashga majbur. Biz doimo ogohlikda turishimiz kerak", deydi Vals.

Valsning tasdiqlashiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab aksilterror amaliyotlari o‘tkazilishi davom ettiriladi.

Biroz oldinroq, Parij teraktlari suriyalik Abdulhamid Abaud tomonidan tashkil qilingani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 14 noyabrga o‘tar kechasi Fransiya poytaxti Parij shahrida IShID jangarilari tomonidan davomli teraktlar sodir etildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu xunrezliklar natijasida 129 kishi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni 352 nafarni tashkil etadi. Jarohatlanib shifoxonaga yotqizilganlarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish