23:50 / 16.11.2015
6815

Fransiya turizmi Parijdagi teraktlar sababli 3 mlrd dollar yo‘qotdi

Fransiyadagi transport-sayyohlik sohasi 16 noyabrdagi birjadagi savdolar paytida deyarli 3 mlrd dollar yo‘qotdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Fransiyaning butun dunyo bo‘ylab mehmonxonalarga ega Accor sayyohlik kompaniyasi aksiyalari STOXX 60 Travel & Leisure index birjasidagi savdolar paytida 5,1 foizga, Air France aviakompaniyasi aksiyalari esa 6,5 foizga tushib ketdi.

Agentlik tomonidan ko‘rilgan ziyon 2,79 mlrd dollar atrofida baholanmoqda. Eurostar temir yo‘l kompaniyasi hamda Parij aeroportlari, xususan Sharl de Gol va Orli aeroportlari aksiyalari 4 foizga pasayib ketdi.

Shu bilan birga Hermes, LVMH va Kering lyuks brendlari 1 foizga tushib ketdi.

“Agar lyuks brendlari haqida gapirilsa, Parij dunyodagi eng muhim joylardan biri hisoblanadi. Bu ayniqsa riteylerlar Rojdestvo va Yangi yil arafasida katta umid bildiradigan shopingga salbiy ta'sir ko‘rsatadi”, deb ta'kidlamoqdalar ekspertlar.

Tahlilchilarning fikricha, Parijdagi teraktlar sayyohlik, savdo uchun uzoq davom etadigan salbiy oqibatlarga olib keladi, biroq bu internet-savdogarlar uchun katta imkoniyatlar ochadi.

Top