Jahon | 10:20 / 16.11.2015
3065
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki: 2030 yilda qashshoqlar soni sezilarli darajada ortadi

Agarda aholining kambag‘al qatlamini ob-havo kataklizm(falokat)lari va suv sathining ko‘tarilishidan himoya qilish uchun zarur choralar ko‘rilmasa, iqlim o‘zgarishlari 2030ga borib 100 million nafardan ziyod kishini qashshoqlik darajasiga keltirib qo‘yadi, deya ma'lum qildi Jahon banki.

Bank o‘z hisobotida qayd etishicha, kambag‘allik darajasini tushirish sentabr oyida BMT tomonidan qabul qilingan 17 vazifadan biri hisoblanib, global isish va uning aholi qashshoq qatlamiga ta'sirini hisobga olmasdan turib ushbu maqsadga erishib bo‘lmaydi.

Hisobotda harorat ko‘tarilishini Tselsiy bo‘yicha 2 daraja atrofida saqlab turishga yo‘naltirilgan atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar hajmini kamaytirish bo‘yicha ulkan rejalarni amalga oshirish, shuningdek, aholining kambag‘al qatlamini salbiy oqibatlaridan himoya qilish lozimligi qayd etiladi.

“Iqlim o‘zgarishlari aholining qashshoq qatlamiga eng ko‘p ta'sir ko‘rsatadi. Endilikda bizning vazifamiz – o‘n millionlab kishilarni iqlim o‘zgarishi sababli o‘ta kambag‘al holga tushib qolishidan himoyalashdir”, – dedi Jahon banki rahbari Jim Yong Kim.
Bank ma'lumotiga ko‘ra, 2030 yilda yana 100 million kishi qashshoqlashib, taraqqiyot sekin sur'atlarda kechadigan bo‘lsa, jami 900 million odam kambag‘allikda yashay boshlaydi.

2015 yilda esa 702 million kishi qashshoqlikda kun kechirmoqda.
Ayniqsa, Afrika va Janubiy Osiyodagi uy xo‘jaliklari iqlim o‘zgarishlaridan eng ko‘p aziyat chekib, oilalar yanada kambag‘allashadi.
Bank o‘z hisobotida ayni paytdan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash sohasida qo‘llaniladigan siyosiy choralar global isishga amaliy jihatdan hech qanday ta'sir ko‘rsata olmaydi, shuning uchun tayyorgarlik, moslashish choralari, odamlarni yanada tayyorroq va chidamliroq qiladigan keng ko‘lamli usullarga sarmoya kiritish lozimligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish