14:12 / 16.11.2015
3057

Marokashdagi sambo bo‘yicha JChda O‘zbekiston vakillari 7ta medal olishdi

Marokashning Kasablanka shahrida sambo bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi.

Yilning so‘nggi musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi ham to‘liq tarkib bilan ishtirok etdi.

Jahon chempionatining ilk kuni o‘zbekistonlik sambochilar terma jamoa hisobiga 1ta oltin va 3ta bronza medalini taqdim etishgandi.

Jangovor sambo bo‘yicha 74 kg vazn toifasida o‘tkazilgan bahslarda Istam Qudratov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, ikki karra jahon chempioni nomiga sazovor bo‘lgandi. Shuningdek, 52 kg vazn toifasidagi Sattor Ergashev, 69 kg vazndagi Sarbon Ernazarov hamda 100 kg vazn toifasidagi Islomjon Azimov jahon chempionatining bronza medallarini qo‘lga kiritishgan edi.

Jahon chempionatining keyingi kunlarida esa terma jamoa hisobidagi medallar soni yana uchtaga ko‘paydi. Jangovor sambo bahslarining 80 kg vazn toifasida kurashgan Sanjar Ne'matov, 52 kg vazndagi Davlat Hamroyev hamda Rahmatjon Ahmedov bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

Shu tariqa, 7ta medal olgan O‘zbekiston terma jamoasi jami 74 jamoa ishtirok etgan turnirda Rossii (3ta oltin, 4ta kumush va 7ta bronza), Qozog‘iston (3, 3, 4), Ukraina (2, 4, 8), Belarus (2, 2, 9), Gruziya (2, 2, 5) va Bolgariya (2, 2, 2) terma jamoalaridan keyin 7-o‘rinni egalladi.

Top