12:08 / 16.11.2015
4711

Qirg‘izistonda 19 yoshli IShID odam yollovchisi qo‘lga olindi

Qirg‘iziston IIV xodimlari Suriya va Iroqdagi qurolli mojarolarda bir qator terroristik guruhlar tarkibida jang olib boradigan odamlarni yollash bilan shug‘ullangan 19 yoshli respublika fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda 16 noyabr kuni mahkama matbuot xizmati xabar qildi.

“Gumondor shaxs O‘sh shahri (viloyat markazi) va O‘sh viloyati fuqarolarini Suriya-Iroq hududida terroristik birlashmalar tarkibida jang olib borishga yollash hamda ularni jo‘natish kanallarini aniqlashga qaratilgan tezkor qidiruv amaliyoti jarayonida qo‘lga olindi”, - deyiladi xabarda. Qo‘lga olingan erkak kishining ism-sharifi hozircha oshkor qilingani yo‘q.

“Mazkur shaxs yollash ishlaridan tashqari, mojaro hududlariga yetib borishgacha bo‘lgan moliyaviy, hujjatlarni rasmiylashtirish va aviachiptalarni sotib olish kabi ishlar bilan ham shug‘ullangan”, - deya tasdiqlamoqda IIV. Yollovchi shaxsning uyi tintuv qilinganida, qo‘lbola portlovchi uskuna, yonuvchi moddalar solingan shisha idish va taqiqlangan diniy adabiyotlar topilgan.

Avvalroq esa mazkur fuqaroning qo‘lbola portlovchi uskuna yordamida terroristik aksiya tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risida ma'lumotlar qo‘lga kiritilgan edi.
Qirg‘iz hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya va Iroq hududida faoliyat ko‘rsatayotgan terroristik jinoiy tuzilmalar tarkibida 500 nafarga yaqin respublika fuqarosi harakatlanmoqda. Ularning 120 nafari ayollardir.

Top