19:42 / 17.11.2015
2630

“007: Spektr” filmining kassa yig‘imlari 500 mln dollardan ortdi

“007: Spektr” filmi AQSh prokatida ikki haftadan buyon yetakchilikni boy bermayapti. O‘tgan dam olish kunlari film 35.4 mln dollar ishladi.

Birinchi dam olish kunlariga nisbatan daromadning tushishi 50 foizdan sal kamroq bo‘ldi. Shimoliy Amerikadan tashqarida film 413 mln dollar ishladi. Shu tariqa, “bondiana”ning 24-qismi umumiy miqdorda 540 mln dollar to‘pladi.

Xitoyda kartina 48.2 mln dollar to‘play oldi. Bu Xitoy prokati tarixida 2D formatida namoyish etilgan filmlar orasidagi eng yaxshi startdir.

Filmning ishlab chiqarish byudjyeti 245 mln dollardan oshgan edi. Demak, loyiha ikki haftadayoq o‘z xarajatlarini qoplay oldi.

Ikkinchi o‘rinda bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Snupi va pakana baqaloq kinoda” animatsion filmi 24.2 mln dollar natija bilan turibdi. Uchinchi pog‘onani o‘tgan dam olish kunlari debyutanti – “Kuperlarni seving” komediyasi 8.4 mln dollarlik ko‘rsatkich bilan band etdi.

Top