11:27 / 17.11.2015
3154

Afg‘oniston shimoli-g‘arbida 1 qishloq jangarilar qo‘lidan ozod qilindi

Tolibon tashkiloti a'zolari hisoblangan 20 nafar jangari Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Saripul viloyati, Shiramxo tumani hududida hukumat harbiy kuchlari tomonidan o‘tkazilgan harbiy amaliyot natijasida o‘ldirildi. Shuningdek, 30 nafardan ortiq jangari jarohat olgan.

Viloyat politsiyasi boshlig‘i Muhammad Boqizo‘yning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, o‘tkazilgan harbiy amaliyotda katta talofat ko‘rgan jangarilar Shiramxo tumanidagi marralarini tark etib, Sari-Taxta qishlog‘ini tashlab chiqishgan.

Uning ma'lumotiga ko‘ra, ushbu to‘qnashuvda hukumat harbiylaridan 2 nafari halok bo‘lgan va 2 politsiyachi jarohatlangan. U harbiy boshliqlardan biri jangarilar qo‘liga asir tushgani haqidagi ma'lumotni inkor qilgan. Uning tan olishicha, jang vaqtida armiyaning bitta tanki yo‘qotilgan.

Shuningdek, jangarilar tomonida bo‘lgan dala qo‘mondoni Qori Muhammad 22 nafar askari bilan taslim bo‘lgani hamda 300 oila istiqomat qiladigan qishloq ozod etilgani ta'kidlab o‘tilgan.

O‘z navbatida tolibonlar bu jang natijasida hukumat kuchlarining kamida 15 nafar jangchisi halok bo‘lgani, ularga tegishli qurol va o‘q-dorilar o‘lja olingani haqida xabar tarqatgan. 

Top