08:45 / 17.11.2015
2538

Amerikalik harbiylar Parijga sayohat qilishi taqiqlandi

AQSh harbiylarining Parij shahriga ruxsatsiz borishi taqiqlandi. Bu haqdagi qaror AQSh Harbiy qurolli kuchlarining Yevropa bo‘linmasi rasmiy saytida joylashtirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, nafaqat Parij, balki bu shahar atrofidagi 50 kilometrlik masofada AQSh harbiylarining harakatlanishi taqiqlanadi.

Harbiylar faqat rahbariyat buyrug‘i bilangina bu hududlarga kirishi mumkin bo‘ladi.

Ularga Fransiyaning boshqa shaharlariga ham xususiy tashriflar uyushtirish taqiqlangan.
Bu qaror harbiylarning oila a'zolariga ham tegishliligi ta'kidlangan.

Qarorda aytilishicha, bunga Parijda yuz bergan teraktlar sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 14 noyabrga o‘tar kechasi Parij shahridagi "Stad de Frans" stadioni oldida portlash sodir etildi. Jangarilar shu vaqtda shaharning boshqa nuqtalarida 6ta terakt sodir etildi. Xususan, "Bataklan" teatrida tashrif buyuruvchilar qirg‘in qilindi, Sena bo‘yidagi Le Carillon hamda Le Petit Cambodge restoranlaridagi xo‘randalar o‘qqa tutildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu teraktlar tufayli 129 kishi halok bo‘lgan va 352 kishi jarohatlangan.

Teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Ayni vaqtda Fransiyada 3 oy muddatga favqulodda tartib o‘rnatilgan.

Top