Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropadagi OAVlar xatolik tufayli kanadalik suratini Parij terakti ijrochilaridan biri surati sifatida tarqatishdi
Kanadalik Virender Jubbal xatolik tufayli Yevropaning yirik OAVlari o‘quvchilariga Parijdagi terakt ijrochilaridan biri sifatida tanishtirildi. Bunga uning selfilaridan biri fotomontaj qilinib, tvitter orqali tarqatilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Mashable xabar tarqatgan.
Bu suratda u terrorchi-hudkush jileti kiygan va qo‘lida Qur'on tutgan holda namoyon bo‘ladi. Uning o‘zi tomonidan 4 avgust kuni tvitterga qo‘yilgan original suratda esa u qo‘lida iPad plansheti tutgan holatda turadi, tanasida esa portlovchi uskunasi bor nimcha yo‘q.
14 noyabr kuni o‘z surati Parijda ommaviy qotilliklar amalga oshirgan terrorchilardan birining surati sifatida tarqalayotganidan xabar topgan Virender Jubbal haqiqatni ayon etgan va original rasmni keltirib, o‘zining asli kelib chiqishi Hindistondagi singhlardan ekani, musulmon emasligi, hozirda Kanadada yashashi va hech qachon Parijga bormaganini aytgan.

Lekin Yevropadagi bir qator nashrlar (xususan La Razon, Sky TG24) uning qayta tahrirlangan suratlarini o‘z muqovalarida nashr qilib yuborishdi.
15 noyabr kuni Jubbalning fotosuratini Ispaniyaning eng katta gazetasi — La Razon o‘z muqovasiga joylashtirdi.
Xuddi shu kuni bu surat Italiyaning Sky TG24 kanali saytida ham paydo bo‘ldi.
Jubbalning fotosuratini kim tahrirlagani aniq emas. Biroq jabrlanuvchining o‘zi taxmin qilishicha, bu 2014 yilda ommalashgan GamerGate harakatini tanqid qilgani uchun harakat faollari tomonidan olingan qasos bo‘ldi. U o‘zini bezor qilayotgan geymerlarni «axlatdan boshqa narsa emas» deb atagan. U o‘zini feminist deb hisoblashini bildirgan.
Jubbal internet foydalanuvchilarining keng qo‘llab-quvvatlashida bo‘ldi. Foydalanuvchilarning qayd etishicha, bu kabi tahrirlangan fotolar Jubbalning hayotini xavf ostida qoldiradi. Foydalanuvchilarning fikricha, suratlarni tekshirmasdan chop etgan OAVlar ham bu holatga javobgar hisoblanadi.