Jahon | 10:50 / 17.11.2015
4969
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya samolyotlari Roqqada navbatdagi havo zarbalarini amalga oshirdi

Fransiya Harbiy havo kuchlariga tegishli samolyotlar Suriyaning Roqqa shahrida IShID nuqtalariga zarba berdi. Bu haqda Fransiya armiyasidagi manbalariga asoslangan holda Frans Press nashri xabar tarqatgan.

"Ikkinchi kuni armiya "Daish" (IShIDning arabcha nomlanishi - kun.uz izohi) tashkilotining Roqqa shahridagi bazalariga havo zarbalari berdi. Natijada boshqaruv markazi hamda jangarilarni tayyorlash markazlari yo‘q qilindi", deyiladi agentlik xabarida.

Qayd etish kerakki, Roqqa shahri IShIDning Suriya hududidagi markazi hisoblanadi.

Fransiya samolyotlari 16 noyabr kuniga o‘tar kechasi ham IShID nuqtalariga zarbalar yo‘lladi. Bu amaliyotlar 13 noyabr oqshomida IShID tomonidan Parijda sodir etilgan teraktlarga javoban amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 14 noyabrga o‘tar kechasi Parij shahridagi "Stad de Frans" stadioni oldida portlash sodir etildi. Jangarilar shu vaqtda shaharning boshqa nuqtalarida 6ta terakt sodir etildi. Xususan, "Bataklan" teatrida tashrif buyuruvchilar qirg‘in qilindi, Sena bo‘yidagi Le Carillon hamda Le Petit Cambodge restoranlaridagi xo‘randalar o‘qqa tutildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu teraktlar tufayli 129 kishi halok bo‘lgan va 352 kishi jarohatlangan.

Teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Ayni vaqtda Fransiyada 3 oy muddatga favqulodda tartib o‘rnatilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish