Jahon | 19:11 / 17.11.2015
6485
3 daqiqa o‘qiladi

IShIDning Parijdagi teraktlarga aloqador bo‘lgan Belgiya yacheykasi haqida ma'lumotlar oshkor qilindi

Parijdagi teraktlardan so‘ng 3 kun o‘tib, 129 kishining hayotini olib ketgan qo‘poruvchilik aktlarini kim amalga oshirgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘la boshladi.

Dushanba kuni jurnalistlar teraktlarda bevosita ishtirok etgan 7 terrorchidan 5 nafari, shuningdek, aktlarni tayyorlashda ishtirok etgan yana 2 kishi haqida ma'lumotlarga ega bo‘ldi.

Ulardan biri, 29 yoshli Umar Ismoil Mustafay Fransiya fuqarosi bo‘lib, Parij chetida tug‘ilgan. U aslan jazoirlikdir. Bolaligidanoq sodir etilgan mayda jinoyatlari uchun 8 marta sudlangan.

2013 yili Mustafay Suriyaga borib, u yerda bir necha oy mobaynida tayyorgarlik o‘tagan va Fransiyaga qaytgan. The Guardian nashriga ko‘ra, Turkiya maxsus xizmatlari bu yigitga e'tibor qaratishni fransiyalik hamkasblariga ikki marta tavsiya qilgan, lekin Fransiya maxsus xizmatlari hech qanday choralar ko‘rmagan.

13 noyabr kechasi Mustafay boshqa terrorchilar bilan birgalikda qora Volkswagen Polo mashinasida Parij markaziga kelib, “Bataklan” konsert zalidagi qirg‘inda qatnashdi, so‘ng o‘zini portlatib yubordi. Mustafay barmoq izlariga ko‘ra tanildi.

31 yoshli Ibrohim Abdusalom ham Fransiya fuqarosi bo‘lib, Bryusselda istiqomat qilib kelgan. U ham Suriyada bo‘lgan. Abdusalom o‘zini “Bataklan”ga yaqin joylashgan Volter xiyobonidagi kafeda portlatib yubordi. Ibrohim Abdusalomning 26 yashar ukasi Saloh Abdusalom ham “Bataklan” hujumchilari qatorida edi. Ta'kidlanishicha, u, akasidan farqli ravishda, o‘ta radikal fikrlamagan va balki akasi uni harakatga kuch bilan majbur qilgan bo‘lishi mumkin.

“Stad de Frans” yaqinida o‘zini portlatib yuborgan shaxs yonidan esa Suriya pasporti topildi. Idlibda tug‘ilgan 25 yoshli ekstremistning ismi, pasportga ko‘ra, Ahmad al-Muhammaddir. U Yevropaga suriyalik qochqinlar qatorida kelgani aniqlashtirildi.
Yacheykaning yana bir a'zosi – 28 yoshli Sami Amamur ham Parij chetida dunyoga kelgan. U ham “Bataklan”da o‘zini havoga uchirgan.

“Stad de Frans”dagi qo‘poruvchilikda ishtirok etgan 20 yoshli Bilol Hadfiy haqida ham hech narsa ma'lum emas.

Nihoyat, nomi ma'lum bo‘lgan yana bir terrorchi – Abdulhamid Abaud qo‘poruvchilik harakatlarida bevosita ishtirok etmagan, ammo boshqalarni mafkuraviy yo‘naltirib turgan. Aynan u Parij teraktlarining ideologi deb atalmoqda.

27 yoshli Belgiya fuqarosi Abaud aslan marokashlikdir. Ayni paytda u Suriyada ekanligi taxmin qilinmoqda. U IShIDning Belgiya yacheykasiga boshchilik qilib, teraktlarni amalga oshirishga boshchilik qilgani aytilmoqda.

Eldor Asanov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish