Sport | 17:24 / 17.11.2015
5155
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Messi soliq muammosi tufayli Ispaniyadan Angliyaga ketmoqchi va ko‘proq maosh olmoqchi

"Barselona" jamoasining argentinalik hujumchisi Lionel Messi o‘z faoliyatini Angliya premer-ligasida davom ettirmoqchi. Bu haqda The Daily Star xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, uning bu qaroriga Ispaniyadagi soliq to‘lovlari bilan muammolari sabab hisoblanadi.

28 yoshli futbolchiga APLning "Arsenal", "Chelsi" va "Manchester Yunayted" jamoalaridan qiziqish mavjud. Argentinalik futbolchi o‘z xizmati uchun yiliga 18 million funt talab qilishi aytilgan.

Ayni vaqtda Messi yiliga 14 mln funt ishlab topmoqda. "Barselona" bilan shartnomaga ko‘ra, uning boshqa jamoaga o‘tishi evaziga 175 mln funt ustama mablag‘i talab qilinadi. Uning katalonlar bilan shartnomasi 2018 yilgacha tuzilgan.

Shu yilning oktabrida Ispaniya prokurori Messiga 22 oylik qamoq jazosi tayinlashni taklif qilgandi. Futbolchi 4 mln yevro miqdoridagi soliqni yashirishda ayblangan.

Messi "Barselona" safida 2003 yilda ilk uchrashuvni o‘tkazgan. U jamoa bilan shu vaqtgacha 25ta sovrin yutgan. Shundan 7tasi La liga chempionligi, 4tasi YeChL Kubogi hisoblanadi. U to‘rt marta yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida "Oltin to‘p" bilan taqdirlangan.

28 yoshli bu hujumchi Argentina terma jamoasi safida 105ta o‘yin o‘tkazgan va 49ta gol urgan. U terma jamoa bilan 2014 yilgi JChda kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Messi 2008 yilda terma jamoa bilan Pekin olimpiadasida zafar quchgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish