O‘zbekiston | 12:19 / 17.11.2015
16077
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston global terrorchilik reytingida 124-o‘rinni egalladi

Londonda joylashgan Iqtisodiyot va tinchlik instituti (The Institute for Economics and Peace) tomonidan hozirlangan Global terrorchilik reytingida O‘zbekiston 162 davlat ichida 124-o‘rinni egalladi. Tadqiqot natijalari institutning saytida e'lon qilindi.
Bir qancha indikatorlar asosida tuzib chiqilgan indeksda davlat qancha past o‘rinni egallasa, unda terrorchilik xavfi ham shuncha past bo‘ladi.

Mintaqaning boshqa davlatlari qayd qilgan natijalarga kelsak, qo‘shni Turkmaniston O‘zbekiston bilan 124-o‘rinni bo‘lishib oldi. Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda esa vaziyat biroz yomonroq ekan – ular muvofiq ravishda 83, 84 va 86-o‘rinlarni egallashdi.
Shu bilan birga, 2014 yilda terrorchilik qurbonlari soni o‘tgan yildagiga nisbatan 80 foizga oshgani qayd qilindi.

Terrorchilik xavfi eng yuqori bo‘lgan 5 davlat Iroq, Nigeriya, Afg‘oniston, Pokiston va Suriyadir. Bu davlatlarga terakt qurbonlarining 78 foizi to‘g‘ri keldi. O‘nlikka, shuningdek, Hindiston, Yaman, Somali, Liviya va Tailand kirdi.
Indeksda Xitoyga 22, Turkiyaga 27, Buyuk Britaniyaga 28, Rossiyaga 23, AQShga 35-o‘rinlar berildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish