23:39 / 17.11.2015
6457

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida bir qator hujjatlar imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif 17 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Islom Karimov va Navoz Sharif uchrashuvida asosiy e'tibor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 10 mayda o‘rnatilgan. Turli darajadagi siyosiy muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Bu hamkorlikni izchil rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirib borish imkonini bermoqda.

O‘zbekistonning ulkan iqtisodiy salohiyati, geostrategik o‘rni, rivojlangan infratuzilmasi Pokiston uchun muhim ahamiyatga ega. Pokiston mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashdagi o‘rni, dengiz portlariga chiqish imkoniyati, yirik bozori bilan O‘zbekiston uchun istiqbollidir.

Ikki mamlakat xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shu yil iyul oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Pokistonni ShHTga qabul qilish jarayonini boshlash bo‘yicha qaror imzolandi. Bu mamlakatlarimizning o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorligini rivojlantirishda yana bir muhim omil bo‘ladi.

O‘zbekiston va Pokiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida bu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi va barqarorlik ta'minlanishidan manfaatdor. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport tarmoqlarini barpo etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun imkoniyat yaratadi.

Islom Karimov va Navoz Sharif o‘zaro hamkorlik rivojiga bevosita daxldor bo‘lgan mazkur masalaga alohida e'tibor qaratdilar. Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l – BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish orqaligina hal etish mumkinligi haqida yakdil fikr bildirildi. Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalar muhokama qilindi.

Muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarga oid 42 hujjat imzolangan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va kapital qo‘yilmalarni himoya qilish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga oid bitimlar savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Pokistonga paxta tolasi, ko‘nchilik xomashyosi, transport va turizm xizmatlari eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi, transport xizmati ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda Pokiston kapitali ishtirokida 57 korxona tashkil etilgan. Ular savdo, to‘qimachilik, ko‘nchilik, oziq-ovqat, qog‘oz ishlab chiqarish, transport va turizm sohalarida faoliyat yuritmoqda. Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forumda pokistonlik ishbilarmonlar faol qatnashdi.

Muzokarada o‘zaro tovar aylanmasi O‘zbekiston bilan Pokistonning iqtisodiy salohiyati va keng imkoniyatlari darajasida emasligi ta'kidlandi. Foydalanilmayotgan resurslarni ishga solish, savdo aylanmasi hajmini oshirish va diversifikatsiyalash masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Pokiston hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish, uning majlislarini muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik rivoji nafaqat mamlakatlarimizning uzoq istiqbolli manfaatlariga xizmat qilishi, balki butun mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, kommunikatsiya va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ijobiy ta'sir etishini alohida ta'kidladilar.

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Navoz Sharif O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, o‘zaro savdo munosabatlarini rivojlantirish, soliq sohasida qo‘shimcha imtiyozlar yaratish, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar imzolandi.

Pokiston Islom Respublikasining Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharifning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Top