Jamiyat | 18:10 / 17.11.2015
5271
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Parij teraktlari ishtirokchilari Xudo voz kechgan odamlar deb ataldi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Ortiqbek Yusupov Parijda IShID jangarilari tomonidan sodir etilgan teraktlarni odamlarning Xudo tomonidan rad etilishi deya baholadi. Bu haqda u Din ishlari bo‘yicha Qo‘mita, Toshkent islom universiteti va YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakillari ishtirokida tashkillashtirilgan diniy bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiya vaqtida ta'kidlab o‘tgan.

U bugungi kunda ayrim mamlakatlarda, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy va milliy qadriyatlarni asnosida sodir etilayotgan turli zo‘ravonliklar, to‘qnashuvlarni afsus bilan qayd etib o‘tdi.

«Natijada minglab tinch aholi halok bo‘lmoqda, bolalar jabr ko‘rmoqda. Yuz minglab odamlar o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lishmoqda. Shunday ekan bir narsani ishonch bilan a'kidlash mumkinki, tinchlik va barqarorlik — hududi, kelib chiqishi, dini, millati, irqidan qat'iy nazar har bir mamlakat uchun sovg‘a», — deya ta'kidladi Yusupov.

Yusupov 13 noyabr kuni Parijda sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatlariga ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«O‘nlab beayb tinch aholi Xudoni inkor etadigan, o‘zini «haqiqat kurashchilari» deya ta'riflaydiganlarning qilmishlari tufayli vafot etdi. O‘zbekiston bunday baxtsiz hodisalar bo‘yicha tajribaga ega davlat sifatida fransuz xalqiga chuqur hamdardlik bildiradi», — deya ta'kidlab o‘tdi din ishlari qo‘mitasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansurov xorijiy OAVga bergan intervyusida Parijda sodir etilgan teraktlarni keskin qoralab chiqqandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish