15:13 / 17.11.2015
5119

O‘zbekistonda talabalar teatr studiyalari o‘rtasida festival boshlandi

Bugun, 17 noyabr kuni O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida “Yoshlar haftaligi” tadbirlari doirasida Oliy va o‘rta ta'lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi hamkorligida oliy ta'lim muassasalarida tashkil etilgan talabalar teatr studiyalari o‘rtasida o‘tkaziladigan festival kunlari boshlandi.

Festivalda Qoraqalpoq davlat universitetining “Jayhun”, Qarshi davlat universitetining “Ziyo”, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Kamolot”, Toshkent kimyo texnologiya institutining “Kimyogar”, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Shekspir havaskorlari”, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining “Pediatr” talabalar teatr studiyalari ishtirok etishadi.

“Oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba yoshlarni teatr san'atiga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur festival tashkil etildi.

Festivalda qatnashayotgan raqib jamoalarimiz ham iqtidorli yoshlardan iborat. Bugun biz boshqa ishtirokchilardan farqli o‘laroq o‘zimiz yaratgan sahna asarini namoyish etdik”,―deydi “Kamolot” talabalar teatr studiyasi a'zosi Otabek Ibragimov.

Festivalning yakuniy final bosqichi joriy yilning 19 noyabr kuni O‘zbek milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tadi.

E'zoza Najimova, O‘zDJTU talabasi

Top