Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik qandolatchilar mahsulotlarini qadoqlashda qiyinchiliklarga duch kelishayotganini aytishmoqda
Ayni paytda o‘zbekistonlik qandolatchilar mahsulotlarini qadoqlash va o‘rashda (upakovkalashda) qiyinchiliklarga duch kelishmoqda, deb aytdi yaqinda bo‘lib o‘tgan soha vakillari matbuot-anjumanida O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi vakili.
Uning aytishicha, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qandolatchilik mahsulotlari turli-tumanligiga qaramasdan, do‘kon va supermarketlarda ularni oz miqdorda uchratish mumkin. Savdo nuqtalari asosan xorijiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini taklif qilishmoqda. Bu holat mahalliy qandolatchilarda o‘rash materiallari bilan muammolar borligi bilan bog‘liq va shuning uchun ularning mahsulotlari iste'molchilarga to‘laqonli yetib bormayapti. Yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijda katta talabga ega bo‘lib, asosan qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda va u yerda qadoqlab, o‘ralmoqda.
“Bu muammoni hal qilish uchun biz O‘zbekistondagi barcha hududiy vakolatxonalarimizni jalb qildik. Ulardan har biri bizning qandolatchilarga o‘z mahsulotlarini bozorga qo‘zga tashlanuvchi yorqin o‘ramlarda chiqarishga yordam berish maqsadida joylarda qadoqlash va o‘rash liniyalari ishlab chiqaruvchilarining tijoriy takliflarini bilib, o‘rganmoqdalar”, deb aytdi uyushma vakili.
Shu tariqa, qandolatchilik sohasida faoliyat yurituvchi kichik biznes korxonalari arzon xitoy qurilmalaridan boshlab eng qimmatbaho nemis texnologiyalarigacha taqdim qiluvchi yetkazib beruvchilardan eng maqbul takliflarni olishlari mumkin bo‘ladi.
2015 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston oziq-oqvat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilishi hajmi 10 mlrd so‘mdan oshib ketdi. Ulardan 3,2 mlrd so‘mlik mahsulotlar aynan O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasiga kiruvchi korxonalar ulushiga to‘g‘ri keldi.