Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin A321 halokati sababli Suriyadagi terroristlar marralariga zarbalar berishni kuchaytirishga va'da berdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin A321 samolyoti bortida terakt sodir etilgani o‘z tasdig‘ini topgani manzarasida Suriyadagi terroristlar pozitsiyalariga zarbalar berish zarur, deb hisoblaydi, deya xabar bermoqda RIA “Novosti”.
“Aviatsiyamizning Suriyadagi jangovar faoliyati shunchaki davom etmasligi kerak. U shunday bo‘lishi kerakki, jinoyatchilar qochish imkoni yo‘qligini tushunib yetishlari kerak”, - dedi Putin. U ishlar qanday kechayotganini shaxsan nazorat qilishini qo‘shib qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib halokatga uchragan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘ldi.
Yaqindagina FXX mazkur falokatga terakt sabab bo‘lganini tasdiqlab, ushbu jinoyatga aloqador shaxslar haqida ma'lumot taqdim etganlarga 50 million dollar miqdorida pul mukofoti berilishini e'lon qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa terroristlarni sayyoraning har qanday nuqtasidan bo‘lsa ham topib, jazolashga va'da berdi.