12:47 / 17.11.2015
6176

Samarqandda rasman olinmagan 42 nafar litsey o‘quvchilari 3-kursda o‘qishda davom etmoqda

Mana uch yildirki, SamDU qoshidagi birinchi akademik litseyda rasman o‘qishga kira olmagan 42 nafar o‘quvchi tahsil olishda davom etmoqda. Ular darslarga qatnaydi, reyting daftariga ega, imtihonlarni topshiradi, ular allaqachon uchinchi kursda ta'lim olmoqda.

Aslida esa ularni birinchi kursga qabul qilish borasidagi buyruqning o‘zi yo‘q. Bu haqda mahalliy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev yozmoqda.
Aytilishicha, bu borada O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining qarori ko‘pdan buyon kutilmoqda. Bu qaror o‘quvchilarning taqdirini tubdan o‘zgartirib yuborishin mumkinligi inobatga olinsa, vazirlik qaror chiqarishga shoshilmayotganini tushunsa bo‘ladi.

Ular uch yillik mehnatlari inobatga olinib, tegishli qarorlar chiqishiga, yaqin kelajakda ular ham oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshira olishlariga ishonmoqda, deb yozadi jurnalist.
Bu masala ayni paytda yoshlarning ota-onasini ham tashvishga solmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, shu yil yozida litseyning sobiq direktori Muhiddin Abdurahmonovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U 42 o‘quvchini noqonuniy asosda ushlab turgani ma'lum bo‘ldi. Lekin yangi rahbariyat ham bu masalani bolalar foydasiga hal qilishga jur'at etmay turibdi.

Top