17:10 / 18.11.2015
9774

O‘zbekistonda Konstitutsiya oyligi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligi munosabati bilan umumta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim muassasalari, Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarda huquqiy, madaniy-ma'rifiy tadbirlar oyligi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, davlatimiz rahbarining 2015 yil 9 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma uch yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq e'lon qilingan mazkur oylik doirasida barcha ta'lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarga Bosh qomusimizda belgilangan asosiy tushuncha va tamoyillar keng o‘rgatilmoqda.

“O‘quvchilarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bilimlarini yanada boyitish maqsadida o‘tkazilayotgan huquqiy, madaniy-ma'rifiy tadbirlar oyligi doirasida yetuk mutaxassislar, huquqshunoslar jalb etilgan holda rasmlar tanlovi, foto ko‘rgazmalar, ochiq darslar va tarbiyaviy soatlar o‘tkazilmoqda, – deydi agentlik suhbatdoshi, Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Hikmatulla Daminov. – Mavjud 9698 umumta'lim maktabida tahsil olayotgan 4 milliondan ziyod o‘quvchiga Konstitutsiya asosidagi huquqiy bilimlarning o‘qitilishi tegishli davlat ta'lim standartlari asosida alohida-alohida bosqichlarga ajratilgan holda amalga oshirilmoqda”.

Top