Jahon | 00:04 / 18.11.2015
7385
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Suriyada IShIDga qarshi qanotli raketalar ishlatganini tasdiqladi

Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya Suriyada jangarilarga qarshi qanotli raketalar qo‘llagani va bu haqda koalitsiya davlatlarini oldindan ogohlantirib qo‘yganini aytdi. Bu haqda Gerasimov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yig‘ilish paytida ma'lum qildi. Yig‘ilish “Rossiya 24” telekanali orqali namoyish qilindi.

“Bugun birinchi katta ko‘lamdagi aviatsiya zarbalari doirasida uzoq masofaga uchuvchi 34 ta qanotli raketa bilan terrorchilarning 14 ta muhim obekti – Idlib va Halab viloyatlarida IShID jangarilari otryadlari harakatlarini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi noqonuniy qurollangan tuzilmalarni boshqarish punktlari, yirik o‘q-dori va boshqa moddiy vositalar omborlari yo‘q qilindi”, deb aytdi Gerasimov.

“Jangarilar obektlariga zarbalar berilishi reja bo‘yicha davom etmoqda”, deb qo‘shimcha qildi Gerasimov.

Avvalroq OAVlarda Rossiya o‘zining O‘rta Yer dengizidagi kemalaridan Rakkadagi nishonlarga qanotli raketalar uchirgani ma'lum qilingandi. Shuningdek, Rossiya suv osti kemalaridan IShIDga qarshi “Kalibr” rusumidagi qanotli raketalar bilan zarba berilgani ham ma'lum qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish