Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Stad de Frans" stadioniga kirmoqchi bo‘lgan terrorchini to‘xtatib qolgan nazoratchi arab ekani aytildi
WSJ agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Parij teraktlari sodir bo‘lgan kunda "Stad de Frans" stadioniga kirmoqchi bo‘lgan va stadion ichida portlash sodir qilishni rejalashtirgan terrorchini to‘xtatib qolgan shaxs chiqishi arablardan bo‘lgan Zohir ismli musulmon qorovul nazoratchi edi. Xabarlarda aytilishicha, agar u bo‘lmaganida teraktlar qurbonlari soni juda ko‘p bo‘lishi mumkin edi.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu qahramon futbolchilarning kiyim almashtirish xonasiga olib boradigan tunnelda ishlagan. Terrorchi xudkush o‘zini kechikib qolgan tomoshabin sifatida ko‘rsatib, o‘sha tunneldan o‘tmoqchi bo‘lgan.
Terrorchining bahonalariga ishonmagan Zohir uni o‘tkazmagan. Munozara vaqtida terrorchining kiyimi ostidagi portlatish uskunasi ko‘rinib qolgan. Terrorchi turniketga qarab qochgan, u yerda esa politsiya uni to‘xtatgan. Shu mahalda portlash yuz bergan va u bilan birga o‘sha politsiyachi ham halok bo‘lgan. Uch daqiqadan so‘ng terrorchining sherigi uyushtirgan yana bir portlash sodir bo‘lgan.
Tergovning talqiniga ko‘ra, musulmon qorovul to‘xtatib qolgan terrorchi futbol maydonida o‘zini portlatishni rejalashtirgan edi. Vahimaga tushgan odamlar esa tashqariga chiqqanida ularni yana ikki terrorchi kutib turishi va qirg‘in uyushtirilishi mumkin edi.