Telefondan foydalanmasdan selfiga tushish imkonini beruvchi oyna yaratildi
AQShning Smart Ltd kompaniyasi mobil telefon yoki fotoapparatdan foydalanmasdan selfi olish imkonini beruvchi oyna yaratdi, deb xabar bermoqda The Mirror nashri.
Yangi mahsulot namoyish qilingan videoda oyna professional surat yoki video olishi, so‘ngra ularni Instagram yoki YouTube’da joylashtirishi mumkinligi aytilgan. Qurilma sensor panel orqali boshqariladi.
Oynavand sirt yuzida joylashgan yashirin kamera suratga oladi. Gadjyet harakatni qayd qiluvchi datchiklar bilan jihozlangan va uyda sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatish rejimida ishlay oladi hamda simsiz aloqa bo‘yicha foto va videoni egasining smartfoniga yuboradi. Bundan tashqari, oyna ichki o‘rnatilgan karnaylar yordamida musiqa ijro eta oladi.
Nashrning ta'kidlashicha, yangi ixtiro selfi-tayoqchaga raqobatchi bo‘lishi mumkin.
Ushbu startap Indiegogo kraudfanding maydoni orqali moliyalashtirilishi taxmin qilinmoqda, biroq ishlab chiqaruvchi saytida buyurtmani rasmiylashtirish mumkin. Gadjyetning 68,5 sm ga 119,3 sm o‘lchamli varianti narxi 250 dollarni va sal kichikroq o‘lchamdagisi, ya'ni 68,5 sm ga 80 sm lisi 200 dollarni tashkil qiladi.