21:48 / 18.11.2015
13562

Turkiyalik muxlislar Gretsiyaga qarshi o‘yin arafasida 1 daqiqalik sukut vaqtida nega hayqirishgani sababi aytildi

Onado‘li universiteti talabasi Mustafa O‘zsari Gretsiyaga qarshi o‘yin arafasida muxlislar nega hushtakbozlik qilishgani haqida gapirib berdi.

Uning aytishicha, bu hushtakbozlik Parijdagi terakt qurbonlari xotirasiga hurmatsizlik belgisi emas, 1 daqiqalik sukut saqlash vaqtida muxlislar terrorchilarni qoralab so‘zlar aytishgan.

"Turkiyadagi futbol o‘yinlari arafasida terakt qurbonlari xotirasi uchun sukut saqlanish vaqtida yigitlar ba'zi hayqiriqlarni aytishadi: "Shahidlar o‘lmaydi. Yerimiz bo‘linmaydi".

Bunday odat KIP (Kurdiston ishchilar partiyasi - kun.uz izohi) tomonidan sodir etilgan teraktlar tufayli paydo bo‘lgan. Bu tashkilot xurujlari tufayli shu vaqtgacha Turkiyaning 30 mingdan ortiq fuqarosi halok bo‘lgan. Endi biz har safar terrorchilar kimnidir o‘ldirishsa, shunday hayqiriqlar aytamiz.

Muxlislar Parij terakti qurbonlariga emas, terrorchilarga nisbatan hushtakbozlik qilishdi. Turklar dunyodagi har qanday teraktni qoralaydi. Teraktlar qurbonlarining yaqinlari dardiga biz ham sherikmiz. Biz hech qachon terakt qurbonlari xotirasiga hurmatsizlik qilmaymiz", deydi O‘zsari.

Bundan oldinroq, turkiyalik muxlislar Gretsiyaga qarshi o‘yin arafasida 1 daqiqalik sukut o‘rniga hushtakbozlik qilishgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda sodir etilgan davomli teraktlar tufayli 129 kishi halok bo‘lgan, 352 kishi jarohatlangan. Shifoxonadagilarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top