17:09 / 19.11.2015
9292

FT: Fransiya Parij teraktlarida Belgiyani ayblamoqda

Belgiya hukumati Fransiya rasmiy Bryusselni Parijdagi qo‘poruvchilik harakatlarida nohaq aybladi, deb hisoblamoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.

Mamlakat bosh vazirining diplomatik maslahatchisi Sharl Mishel fransuz elchisiga Belgiya tomonining e'tirozlarini yetkazgan. Mazkur masala Bryusselga chegaradosh Molenbek tumanida Parijdagi qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etgan uch jangarining vatani bo‘lgani bilan bog‘liq ravishda ko‘tarildi. O‘z navbatida Belgiya uchta guruhning bittasigina Molenbek bilan bog‘liqligini ta'kidlab, Fransiya ekstremizmga qarshi kurashdagi yetishmovchiliklarini bekitish uchun Belgiya kamchiliklarini ko‘rsatishga urinayotganini qayd etdi.

“Biz terrorizm va radikalizm Belgiyada o‘z manbaini topganini inkor etmaymiz. Biroq Fransiya ham o‘z muammolarini hal qilib olishi kerak”, - dedi belgiyalik amaldor.

Qayd etilishicha, Belgiya maxsus xizmatlari hujum qiluvchilarning shaxsini aniqlash va ular ortidan kuzatish bo‘yicha samarali ishlashini ko‘rsata olgan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, Fransiyaning maxsus xizmatlarga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirish o‘rniga teraktlarda Bryusselni ayblashga uringani Belgiya bosh vazirining noroziligini uyg‘otdi.

Belgiyalik amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, 16 noyabr kuni Fransiya prezidenti Fransua Olland o‘z nutqi vaqtida Belgiyaga tergov ishlarida qatnashgani uchun minnatdorchiligini bildirishi kerak edi, ammo bu haqda eslab ham o‘tmagan.

Top