Jahon | 10:14 / 19.11.2015
4577
3 daqiqa o‘qiladi

OAV Airbus borti va Moskvadagi uyda sodir bo‘lgan portlashlar o‘rtasida umumiylik mavjudligini aniqladi

IShID tomonidan Rossiyaning Airbus A321 avialaynerini portlatishda qo‘llanilgan deya da'vo qilinayotgan bomba tuzilishiga ko‘ra 1999 yilda Moskva shahrida sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatda ishlatilgan portlovchi uskunaga o‘xshaydi. Bu haqda 19 noyabr kuni “Kommersant'” nashri yozmoqda.

Portlovchi uskunalar bo‘yicha mutaxassisning nashrga ma'lum qilishicha, jangarilar e'lon qilgan fotosuratda bombani yig‘ish uchun zarur bo‘lgan barcha qismlar tasvirlangan. Uni portlatish uchun standart Sobiq Ittifoq elektrodetonatori namunasidan foydalanilgan, shuningdek, xo‘jalik maqsadlaridan qo‘llaniladigan Xitoy elektr yoquvchisi va boshqalar ishlatilgan.

Nashrning qayd etishicha, qurilmani bortga terroristlarning Sharm-ash-Shayx aeroportidagi reyslar o‘rtasida samolyotga chiqish huquqiga ega bo‘lgan maslakdoshlari yetkazgan bo‘lishi kerak. Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, bomba o‘ng bortning oxirgi qatorida o‘rindiqlar orasida, yo‘lovchilar germetik salonida harakatga kelgan. Aynan shu yerda tashqi qoplamada portlash keltirib chiqargan 80 santimetrga 1 metr hajmdagi teshik paydo bo‘lgan. Portlash salondagi germetizatsiya (havo kirib-chiqmaydigan) holatini buzgan va samolyot parchalanishini keltirib chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib halokatga uchragan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘ldi. 16 noyabr kuni FXX mazkur falokatga terakt sabab bo‘lganini tasdiqlab, ushbu jinoyatga aloqador shaxslar haqida ma'lumot taqdim etganlarga 50 million dollar miqdorida pul mukofoti berilishini e'lon qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa terroristlarni sayyoraning har qanday nuqtasidan bo‘lsa ham topib, jazolashga va'da berdi.
1999 yilning 9 sentabr tunida Moskvaning Guryanova ko‘chasida kuchli portlash sodir etilgan edi. Natijada 106 kishi halok bo‘lgan, 264 fuqaro turli darajada jarohat olgan. Oradan to‘rt kun o‘tib Kashirskiy shossesida ham portlash sodir bo‘lgan, bu safar 124 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish