01:18 / 19.11.2015
33478

Onasi Dubayga ishlashga ketib, o‘zi qulga aylantirilgan 9 yashar samarqandlik bola ozod etildi

Qozog‘iston Respublikasi, Chimkent viloyati, Qoratau tumani prokurori Nurlan Kaynazarovning ma'lum qilishicha, “Dostik” kichik tumanida o‘tkazilgan reyd paytida 9 yashar bola topib olingan. Bu haqda “Kazinform” xabar bermoqda.

“Yarim tunda oziq-ovqat do‘koni yonida bir bolakay yurgani aniqlandi. U havo sovuq bo‘lishiga qaramay yengil futbolkada edi. Biz uning qayerda turishini so‘rab bilgach, u bilan birga uyiga bordik”, — dedi Kaynazarov.

Ma'lum bo‘lishicha, u imkoniyati cheklangan bolasi bor nogiron ayol bilan yasharkan. Uydagi barcha yumushlar, ayol va uning o‘g‘liga qarash bolaning zimmasida bo‘lgan.

“Biz bolani kaltaklashganini va uzoq muddat ushlab turishganini aniqladik. Qo‘shnilar ham buni tasdiqladi. Ular bolaning ota-onasini bir marta bo‘lsa-da ko‘rishmaganini ham aytishdi”, — dedi Nurlan Kaynazarov.

Bolani voyaga yetmaganlar adaptatsiya markaziga jo‘natishdi. Uning ismi Homid bo‘lib, onasi uni Samarqanddan shu yerga olib kelgan va uni tashlab, o‘zi pul ishlagani Dubayga ketgan. Otasi esa Samarqandda qolgan.

Homidning gapirish nutqida nuqsonlar bo‘lib, mutaxassislarning fikricha, bu uning qattiq qo‘rqqanidan kelib chiqqan. Bolaning o‘zi hech narsa demasada, uning badanidagi chandiqlar barchasini aytib turar edi, deyiladi “31 kanal” xabarida.

Bolaning aytishicha, u onasini va to‘rt yoshli ukasini qattiq sog‘ingan.

Aybdorlarga nisbatan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e'lon qilindi.

Top