19:05 / 19.11.2015
2094

TIVda O‘zbekiston va Finlyandiya sog‘liqni saqlash muassasalari hamkorligi yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi

2015 yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Finlyandiyaning favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Xelsinki shahrida) Niklas Lindkvist bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIVning matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning holati va ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi, shuningdek mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini davom ettirish, ikki mamlakat parlamentlari, davlat tuzilmalari, biznes doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlashdan tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi ta'kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qilish doirasida, 5-6 noyabr kunlari Toshkent shahrida jahonning 33 mamlakatining, shu jumladan Finlyandiyaning, 250dan ortiq yetakchi kompaniyalari, iqtisodiy va moliyaviy birlashmalari vakillari ishtirok etgan Xalqaro investitsiya forumining muvaffaqiyatli yakunlari haqida Finlyandiya tomoni xabardor qilindi.

TIVdagi uchrashuvda O‘zbekiston va Finlyandiya sog‘liqni saqlash muassasalari, ilmiy va ta'lim tashkilotlari hamkorligi yuzasidan takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Top