17:37 / 19.11.2015
4915

72 yoshli o‘zbekistonlik har kuni velosipedda 10 km yo‘lni bosib o‘tmoqda

Qashqadaryo viloyatidagi o‘quvchilar e'tiborni jalb qiluvchi hodisa haqida yozishdi. Quyida 72 yoshida o‘zining jismoniy holati bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladigan ziyoli haqida hikoya qilinadi.

"To‘qson ming kilometr deysizmi? Vo, ajabo! Bu odamning sabru qanoati, bardoshi va matonatiga qoyil qolish kerak, deyapsiz, to‘g‘rimi? Ha, haqiqatda biz ham bu keksa insonning ishga muntazam velosepedda kelib-ketishi, bozor–uchari-yu, do‘stu jo‘ralarinikiga ham shu texnikada borishini eshitganimizda dastlab ajablandik, keyin esa bu sa'y-harakatlar zamirida katta hikmat yashirin ekaniga ishonch hosil qildik. Aslida biz Murod boboning (ko‘rinishiga qarab, unga 72 yosh bermaysiz) sportda qo‘lga kiritgan boshqa muvaffaqiyatlari haqida yozmoqchi edik. To‘g‘rirog‘i, uning yaxshi futbol mutaxassisi sifatida vohamizda bu sport turini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi, hozirgi kunda ham Qarshi davlat universitetining jismoniy madaniyat va sport kafedrasida o‘qituvchi sifatida faoliyat olib borayotgani haqida qalam tebratmoqchi edik. Bundoq qarasak, universitetdagi sport majmuasi yonida bir nechta veloseped turibdi. Ulardan biri Murod boboniki ekan. Ishga velosepedda kelasizmi, desam, ha, 25 yildan buyon veloseped doimiy hamrohim. Kuniga kamida 10 kilometr yo‘l bosaman. Ishga Xudoyzod mahallasidan to Qarshi shahrigacha har kuni velosipedda kelaman, dedilar.

To‘g‘risi, bu insonning tik qaddi qomatiga, chaqqon hatti-harakatiga qarab havasimiz keldi. Yetmish ikki yoshga qadam qo‘ygan keksa kishilarning ayrimlari bel yoki oyoq og‘rig‘idan shikoyat qilishadi. Ba'zilarining qo‘lida hassasi bor, o‘zi mustaqil yura olmaydi. Yoki dori-darmon bilan kun ko‘radi. Murod bobo esa kasal bo‘lganini eslay olmaydi. Qadamlari yengil, qaddi qomati xuddi yosh odamlarnikidek. Bularning hammasi sportga oshno tutinganligi, muntazam harakatda ekani va velosepedda ko‘p yurgani tufayli, desak xato bo‘lmaydi. To‘g‘ri, hayotimiz tobora farovonlashib borayapti. Aksariyat xonadonlarda yengil avtomobil bor. Uning ustiga jamoat transporti qatnovi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘sh, Murod boboning avtomobil sotib oliga qurbi yetmaydi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, yetadi. Xohlagan rusumdagisini sotib olishi mumkin edi. Ammo...

-Velosiped minishimning bir nechta sabablari bor, - deydi Murod bobo. – Birinchidan, velosiped haydagan kishining oyoq va bel muskullari muntazam harakatda bo‘ladi, tuz yig‘ilmaydi, umurtqa pog‘onasi kasalliklariga chalinmaydi. Qo‘l va bo‘yin mushaklarida qon aylanishi me'yorida bo‘ladi. Bu birinchidan, ikkinchidan qani hamma velosipedda yursa edi, deyman. Sababi avtomobillar ko‘payib, havoning ifloslanishiga olib kelayapti. Bundan tashqari, yo‘llarimizdagi tirbandlik tufayli avtofalokatlar sodir etilmoqda. Yana bir jihati shundaki, mahallamizdan Qarshi davlat universitetiga “Damas”da qatnaganimda har kuni 2 ming so‘m sarflagan bo‘lardim. Bu 1 yilda 720 ming so‘m bo‘ladi. Ko‘rayapsizmi, velosipedning oila iqtisodiyotiga foydasini?

Murod bobo yoshligidan sportga qiziqqan va ana shu qiziqishlari samarasi o‘laroq 1960 yilda Toshkentdagi sportga ixtisoslashgan oliygohda tahsil olgan. O‘sha paytda Toshkent shahrining “Start” futbol jamoasida to‘p surgan. Mashhur sport sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev bilan bir vaqtda o‘qigan hamda futbol o‘ynagan. Keyinchalik u “Karshistroy” qurilish tashkiloti qoshida tashkil etilgan futbol jamoasiga bosh murabbiy bo‘lgan. Jamoa bir qator musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Mana, 30 yildan oshiq vaqt o‘tayaptiki, Murob bobo Qarshi davlat universiti talabalariga jismoniy tarbiya fanidan saboq berib kelayaptilar. O‘zini bir zum ham sportdan ayro tasavvur qila olmaydigan bu inson universitetning jismoniy madaniyat va sport kafedrasida mudiri lavozimida bir necha yil ishlagan. Universitet qoshida tashkil etilgan “Talaba” futbol jamoasining bosh murabbiyi sifatida ham katta hajmdagi ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda. Murod bobo qo‘l ostida futbol sir-asrorlarini puxta o‘rgangan yosh sportchilar bugungi kunda “Mash'al”, “Nasaf” va “Sho‘rtan” futbol klublarida to‘p surishmoqda.

"Yurtimizda prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayapti, - deydi otaxon. – Bugun o‘zimning nabiralarimni ko‘z o‘ngimga keltirganimda, ularning sportda katta yutuqlarga erishishiga qat'iy ishonaman. Bunga har bir mahalla va chekka qishloqlarda zamonaviy tipda sport majmualari qurilgani, jihozlangani va murabbiylar bilan ta'minlangani albatta, muhim omil bo‘lib xizmat qilishi tabiiy. Birgina universitetimizdagi sport majmuasini olaylik. Unda yuzlab o‘g‘il-qizlar sportning voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi, mini futbol va stol tennisi kabi turlari bialn muntazam shug‘ullanishmoqda. Men bugungi yosh sportchilar timsolida Jahon va Olimpiada o‘yinlari chempionlarini ko‘rganday bo‘laman. Farzandlarimizning sportda ulkan natijalarga erishayotgani va bu muvaffaqiyatlar yil sayin kengayib borayotgani meni juda quvontirmoqda".

Ha, Murod bobo butun umrini sportga baxshida etdi. Hayotni sport, sportni esa hayot deb bildi. Uning mehnati va sa'y-harakati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Otaxon ko‘ksini “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” ko‘krak nishoni bezab turibdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan otaxonga “Futbol faxriysi” unvoni berilgan. Bularning barchasiga keksa sportchining shu aziz vatanga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan muqaddas zaminga bo‘lgan mehru muhabbati, sadoqati tufayli erishgan, desak sira xato bo‘lmaydi.

Faxriddin BOZOROV.

Top