10:37 / 20.11.2015
4692

Anqara yaqinida 100 kg miqdorida portlovchi modda topildi

Turkiya poytaxti Anqara shahri yaqinida huquq tartibot organlari xodimlari 100 kg miqdoridagi nitrometan moddasini aniqlashdi. Bu moddalar teraktlar sodir etishda foydalanishi rejalashtirilgandi.

Aksam nashrining mahalliy politsiyaga asoslanib xabar qilishicha, bu moddalar Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilariga tegishli bo‘lgan. Tashkilot jangarilaridan biri Ismoil. K ismli shaxs qo‘lga olingan.

Ma'lum qilinishicha, ba moddalar Anqaradan 80 km masofadagi Po‘latli mavzesida yerga ko‘milgan ballonlarda saqlangan holda topilgan.

19 noyabr kuni OAVlar IShID tomonidan Turkiyada G20 sammiti chog‘ida teraktlar uyushtirishni rejalashtirgani haqida xabar tarqatdi. Bu haqdagi xabar Anqara bosh prokuraturasiga asoslangan holda berilgan.

Bosh prokuratura mazkur ma'lumotlarni Turkiya poytaxtida 10 oktabr kuni ro‘y bergan va 103 kishining nobud bo‘lishiga olib kelgan teraktga oid hujjatlarni o‘rganish jarayonida aniqladi.

Terrorchilar mamlakatdagi 18ta viloyat, jumladan, Antaliyada xurujlar uyushtirishni rejalashtirgan. Mehmonxonalar, sayyohlar to‘planadigan hududlar va tungi klublarda sammit kunlari teraktlar uyushtirish uchun xudkushlar tayyorlangan.

Rasmiylar ma'lumotiga ko‘ra, IShID mahalliy aholi orasidan teraktlar sodir etilishi lozim bo‘lgan shaharlardagi vaziyatni yaxshi biladigan kishilarni qidirgan.

Top