Jahon | 23:20 / 20.11.2015
6155
2 daqiqa o‘qiladi

Obama sochini bo‘yaydigan yetakchilarning ismini aytmadi

AQSh prezidenti Barak Obama sochini bo‘yaydigan dunyo davlatlari yetakchilari ismini aytmadi. Reuters axborot agentligining ma'lum qilishicha, Obama Kuala-Lumpurda talabalar bilan uchrashuvi paytida u “ancha yoshga borib qolgani” sababli undan “dono maslahat” berishni so‘rashdi.

“Men yoshlardan istaydigan birinchi narsam, meni qari deb atashni bas qilishsin. Axir, siz nafsoniyatimga tegyapsiz”, deb hazilomuz javob berdi Obama kambojalik talabaning savoliga. Obamaning aytishicha, u hokimiyat tepasiga kelganda unda oq soch bo‘lmagan, hozir esa uning sochiga oq tushib ketgan. “Men sochimni bo‘yamayman, biroq mening ko‘plab hamkasblarim sochlarini bo‘yaydilar. Men ularning kimligini aytmayman. Biroq ularning sartaroshlari bilishadi”, deb qo‘shimcha qildi Obama.

Reuters axborot agentligining eslatishicha, AQShning sobiq prezidenti Ronald Reygan sochlarini bo‘yashi haqidagi mish-mishlarni inkor qilib kelgan va uning sartaroshi ham buning aksini aytmagan. Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shreder uning sochini bo‘yashi haqida ma'lumot bergan nemis yangiliklar agentligi ustidan sudga shikoyat arizasi bergan. Xitoylik yetakchilarning yoshidan qat'i nazar sochlari “juda shubhali” qora rangda ko‘rinadi, deb qo‘shimcha qilmoqda agentlik.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish