10:04 / 20.11.2015
5583

«Ochiq xat» kitobi «Yilning eng yaxshi kitobi» tanlovi g‘olibi bo‘ldi

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Ochiq xat» kitobi «Yilning eng yaxshi kitobi» tanlovida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Muslimaat.uz sayti xabar qildi.

18 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida ish boshlagan «O‘zbekiston matbuoti» V Milliy ko‘rgazmasida O‘zbekiston axborot agentligi hamda uning hududiy bo‘limlari ro‘yxatidan o‘tgan barcha gazeta-jurnallar, nashriyot va bosmaxonalar, davriy bosma va elektron ommaviy axborot vositalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Tadbir doirasida nafaqat mahsulotlar va xizmatlar namoyish qilinadi, balki turli taqdimotlar, uchrashuvlar ham o‘tkaziladi, jumladan, yilning eng yaxshi kitobi kabi tanlov yakunlari ham e'lon qilinadi. Ko‘rgazmaning bu yilgi tantanali ochilish marosimida ham V «Yilning eng yaxshi kitobi» respublika ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlari aniqlanib, e'lon qilindi.

Jumladan, «Hilol-nashr» nashriyoti ham g‘oliblar safidan o‘rin oldi. «Ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar» nominatsiyasi bo‘yicha fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub «Ochiq xat» kitobi hamda uning «Otkrytoye poslaniye» deb nomlangan ruscha tarjimasi ko‘rgazmaning II darajali diplomi bilan taqdirlandi.

Top