14:48 / 20.11.2015
3733

Oliy liga, 30-tur. «Dinamo» Oliy ligani tark etdi, «So‘g‘diyona» o‘tish o‘yinida qatnashadi

Bugun, 20 noyabr kuni Oliy liganing 30-turi doirasida beshta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Bugungi o‘yinlardan so‘ng Oliy ligani tark etadigan va o‘tish bahsida ishtirok etadigan jamoa nomi aniq bo‘ldi.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining e'tibori Jizzaxga qaratildi. "Buxoro" o‘yinning 7-daqiqasiga kelib hisobda 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Har ikkala gol jarima zarbasidan so‘ng urildi. Otabek Shukurov 35-40 metrlardan kuchli zarba bilan "to‘qqizlik"ni nishonga olgan bo‘lsa, Suhrob Ne'matov 18 metrdan aylanma zarba bilan yaqin yuqori burchakka to‘pni yo‘lladi.

Ushbu gollardan keyin "So‘g‘diyona" bosh murabbiyi Davron Fayziyev darvozabon Doniyor Usmonov zaxiraga olib, Mixail Spirodovni maydonga tushirdi.

Shundan so‘ng buxoroliklar himoyada zich o‘ynay boshlashdi va ular bu ishni 73-daqiqagacha uddalab turishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qila olmagan Jasur Hakimov (darvozabon Sardor Qobuljonov qutqardi), aynan shu daqiqada markaziy himoyachilarning xatosidan so‘ng birga bir vaziyatga chiqdi va hisobni bittaga qisqartirdi.

Durang natija "So‘g‘diyona"ni to‘liq qanoatlantirardi. Shu bois ular yana oldinga tashlanishdi. Ammo himoyadagi zaif o‘yin natijasida buxorolik Jamoliddin Ubaydullayev yaqin masofadan jizzaxliklar darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan 2 daqiqa o‘tib Qobuljonov xatosidan so‘ng "So‘g‘diyona" yana hisobni bittaga qisqartirdi. Qolgan daqiqalarda "Buxoro" yaxshi himoyalandi va g‘alabani ushlab qoldi. Bu ikki jamoaning ochkolari teng bo‘lgani bois, o‘zaro o‘yin natijasiga ko‘ra "Buxoro" yuqorida bo‘ladigan bo‘ldi.

O‘yin yakunlanganidan keyin har ikkala jamoani quvontirgan xabar keldi. "Dinamo" o‘z maydonida "Olmaliq" bilan o‘yinda hisobda oldinda borayotib, qo‘shib berilgan daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi.

Natijada "Dinamo" Oliy ligani tark etdi, "So‘g‘diyona" o‘tish bahsida "Oq-tepa" bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. "Buxoro" esa Oliy ligada qoldi.

«So‘g‘diyona» (Jizzax) – «Buxoro» (Buxoro) 2:3
Gollar: Jasur Hakimov (73), Akmal Abdurahmonov (84) —Otabek Shukurov (4), Suhrob Ne'matov (7), Jamoliddin Ubaydullayev (82)

«Dinamo» (Samarqand) – «Olmaliq» (Olmaliq) 1:1
Gollar: Kamoliddin Murzoyev (41) — Doniyor Ismoilov (90+2)

«Metallurg» (Bekobod) – «Sho‘rtan» (G‘uzor) 1:0
Gol: Ayubxon No‘'monov (39)

«Mash'al» (Muborak) – «Nasaf» (Qarshi) - 1:0
Gol: Humoyun Murtazoyev (39)

«Neftchi» (Farg‘ona) – «Qizilqum» (Navoiy) 2:0
Gol: Otabek Isroilov (2), Sherzod Hakimov (89)

Top