O‘zbekiston | 14:35 / 20.11.2015
6547
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tekstilchilari Rossiya armiyasiga kiyim-kechak yetkazib beradi

Amin Invest International O‘zbekiston-Angliya-Rossiya qo‘shma korxonasi joriy yilda Rossiya armiyasiga bir necha turdagi kiyim-kechak yetkazib berishni boshlaydi. Bu haqda kompaniya vakili Sputnik agentligiga xabar berdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, Rossiya harbiy idorasi bilan shartnoma imzolanishidan oldin uzoq muzokaralar olib borilgan, Rossiya vakillari O‘zbekistondagi ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘rganish uchun tashrif buyurgan.
“Kompaniyamiz mahsulotining 90 foizini, bu esa 50 turdagi kimiy-kechakdir, MDH davlatlariga yuboradi, ammo asosiy mijozlar Rossiya va Ukraina bo‘lib, u yerda maxsus savdo uylari tashkil etilgan”, - ta'kidladi agentlikning suhbatdoshi.

Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan. Rossiya harbiylari bilan tuzilgan shartnomada bu ham muhim omil bo‘lgan, negaki Samarqandda zaruriy transport infrastruktura mavjudligi bois logistika sezilarli darajada qulaydir. Asosiysi esa – yetkaziladigan kiyim-kechak butunlay tabiiy matolardan tayyorlanadi, ya'ni ipak matoga sintetika qo‘shilmaydi.

Rossiya armiyasiga 500 ming futbolkadan iborat dastlabki mahsulotlar partiyasi allaqachon yuborilgan. Hozir kompaniya 200 ming komplektdagi issiq ichki kiyimdan iborat ikkinchi partiyani ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Noyabr oxiriga qadar ishlab chiqarish yakuniga yetib, partiya Rossiyaga yo‘llanishi rejalashtirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish