16:41 / 21.11.2015
3110

Bekkenbauer JCh-2006 mezboni aniqlanishidan oldin KONKAKAF rahbariga pul berganini tan oldi

Frants Bekkenbauer "Germaniya-2006" ariza qo‘mitasini boshqargan vaqtida FIFAning Ijroiy qo‘mitasi a'zosi hamda KONKAKAF rahbari lavozimida ishlagan Jyek Uornerga pul berganini, bu pullar Karib dengizi havzasida futbolni rivojlantirish uchun sarflanganini ma'lum qilgan. Bu haqda Germaniyadagi Süddeutsche Zeitung nashri xabar tarqatgan.

Biroz oldinroq, ba'zi nashrlarda Bekkenbauer Uorner Germaniyaga ovoz berishi uchun pul bergani haqida xabarlar tarqalgandi. Pul miqdori aniq aytilmagan.

Bekkenbauerning ma'lum qilishicha, u Uornerga pulni 2000 yilning 2 iyulida bergan, bu vaqtda 2006 yilgi JCh mezbonini aniqlash uchun ovoz berishlar yakunigacha 4 kun qolmoqda edi.

Bekkenbauer JCh mezbonligi Germaniyaga olib berilishi uchun hech kimga pul to‘lanmaganini ta'kidlamoqda.

"Bizda buning uchun pulning o‘zi yo‘q edi", deydi u.

Uorner esa FIFA tizimida poraxo‘rlik jinoyatlari sodir etganlikda gumon qilinib 27 may kuni Tsyurix shahrida qo‘lga olinganlardan biri hisoblanadi.

O‘z navbatida Germaniya futbol ittifoqi ham FIFA a'zolari sotib olingani bo‘yicha ayblovlarni rad qilgan.

Bundan oldinroq, jurnalist Endryu Jyennings "Iflos o‘yinlar" nomli kitobida Germaniyani 2006 yilgi mundial mezbonligini kerakli shaxslarga pul berish orqali qo‘lga kiritganlikda ayblagandi.

2006 yilgi Jahon chempionati mezbonligi uchun JAR bilan kurash olib borgan Germaniya 2000 yilning 6 iyul kunida o‘tkazilgan saylovda 12:11 nisbatida g‘alaba qilgandi.

Top