Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Obama: Malidagi voqealardan keyin biz terrorchilarga qarshi tutgan yo‘limizda yanada qat'iy turamiz
AQSh prezidenti Barak Obama Malidagi xorijliklar qo‘ngan mehmonxonaga jangarilar tomonidan yana bir bor hujum uyushtirilishiga o‘z munosabatini bildirdi va xurujni qattiq qoraladi.
"Bu voqea bizning terrorizmga qarshi tutgan yo‘limizda yanada qat'iy davom etishimizga sabab bo‘ladi", deydi Obama.
AQSh rahbarining qayd etishicha, bu voqea terrorchilarning yuzini yanada aniq namoyon qilib berdi va AQSh endi tinch aholi vakillariga hujum qiluvchi bunday unsurlarga qarshi kurashni yanada mustahkamlaydi.
Obamaning qo‘shimcha qilishicha, Bamakodagi mehmonxonada garovga olinganlarni ozod qilishda amerikalik harbiylar faol harakat qilishdi va qurbonlar soni ortishini to‘xtatib qoldi.
Biroz oldinroq, AQSh Davlat departamenti Bamakodagi terrorchilik hujumi tufayli bir nafar amerikalik halok bo‘lganini tasdiqlagandi.
Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kuni ertalab Mali poytaxti Bamako shahridagi Radisson Hotel Bamako mehmonxonasiga jangarilar bostirib kirdi va 170 kishini asirga oldi.
Garovdagilarni qutqarish amaliyoti yakunlanganidan keyin ma'lum bo‘lishicha hujum tufayli 19 kishi o‘ldirilgan. Maxsus xizmatlar mehmonxonaga bosqin uyushtirgan 3 jangarini yo‘q qildi.
Garovdagilarni qutqarish uchun o‘tkazilgan amaliyotda Fransiya va AQSh, shuningdek BMT tinchlikparvar kuchlari vakillari ishtirok etishgan.
Bu hujum uchun javobgarlikni "Al-Qoida"ning Afrikadagi bo‘limlaridan biri "Al-Murabitun" guruhi o‘z zimmasiga olgan.