Jahon | 07:38 / 21.11.2015
3164
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston IIVda WhatsApp’da tarqalgan teraktlar haqidagi xabar yolg‘on ekanligi aytildi

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi  yirik savdo majmualarida teraktlar uyushtirilishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni tarqatgan kimsalarni qidirmoqda, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda Tengrinews.kz muxbiri. 

“WhatsApp mobil messenjeri foydalanuvchilari o‘rtasida IIVga iqtibos keltirgan holda yirik savdo majmualarida teraktlar uyushtirilishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqatila boshlandi. Qozog‘iston IIV bu ma'lumotni tasdiqlamaydi. Respublikadagi vaziyat nazorat ostida qolmoqda”, deb xabar berildi IIVda.

Vazirlik odamlarni ijtimoiy tarmoqlardan olinayotgan ishonchsiz ma'lumotlarga ishonmaslikka, balki tegishli davlat muassasalari bergan rasmiy ma'lumotlarga tayanishga chaqirdi.

IIVda Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 274-moddasiga ko‘ra, jamoatchilik tartibiga rahna soluvchi, fuqarolar yoki tashkilotlarning manfaatlari va huquqlariga yoki qonun bilan himoyalanuvchi jamiyat va davlat manfaatlariga ziyon yetkazuvchi yolg‘on ma'lumot tarqatish ming hisob birligi yoki shu miqdordagi axloq-tuzatish  ishlari, yoki bir yilgacha erkinlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi eslatib o‘tildi.