21:51 / 21.11.2015
14250

Toshkentda moda va dizayn festivali yakunlandi

Poytaxtimizda “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida o‘tkazilayotgan Yoshlar haftaligining muhim loyihalaridan biri bo‘lgan moda va dizayn festivali yakunlandi.

Shu munosabat bilan Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori H.Aminov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iste'dod sohiblarini aniqlash, puxta ta'lim olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar salmog‘ini yanada oshirayotir.

Festival davomida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat, Toshkent arxitektura-qurilish, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutlari talabalari, Respublika rassomlik, respublika dizayn kollejlari o‘quvchilarining kolleksiyalari namoyish etildi.

Unda ijodkorlarning mato va rang, milliy an'ana va qadriyatlar uyg‘unligi, zamonaviylikka yangicha yondashuvi asosida yaratilgan asarlari festival ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. An'anaviy naqshlar, insonlarning dunyoqarashiga mos turli bezak elementlaridan foydalanilgan liboslar kolleksiyalari mutaxassislar tomonidan baholandi. Dizaynerlarning ish uslubi, yangilikka intilishi va yondashuvning o‘ziga xosligiga alohida e'tibor qaratildi.

– Yurtimizda iste'dodli yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Libos dizayni” kafedrasi dotsenti A.Allaberganova. – Mazkur festival ijodkor yoshlarning moda va dizayn borasidagi mahoratini baholash imkonini berdi.

Tadbir davomida yosh mutaxassislarning gala-defilesi ham bo‘lib o‘tdi. Unda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi va talabalari, kollej o‘quvchilari, erkin ijodkorlarning liboslar to‘plamlari namoyish etildi.
– Festivalning “Debyut” namoyishida liboslar kolleksiyam bilan ishtirok etdim, – deydi yosh dizaynerSadoqat Abbosxonova. – To‘plamdagi ijodiy ishlarim munosib rag‘batlantirilganidan juda xursandman. Bu ishonch meni yanada samarali ijod qilishga undaydi.

Yoshlar haftaligi davomida taqdim etilgan ko‘rgazma-namoyishlar bo‘yicha “Moda laboratoriyasi” nominatsiyasida Regina Yusupova, “Debyut” nominatsiyasida Elvira Mustafina, “Teatr libosi” nominatsiyasida O‘g‘iloy Azimova, “Xalq libosi” yo‘nalishida Go‘zal Qutpullayeva birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, “Eng yaxshi rangtasvirchi”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yosh rassom”, “Debyut”, “Eng yaxshi hunarmand”, “Eng yosh amaliy san'at rassomi”, “Eng yosh san'atshunos”, “Eng yaxshi libos dizayni”, “Eng yaxshi xalq kostyumi” yo‘nalishlarida ham yosh mutaxassislar taqdirlandi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Barno Meliqulova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

Top