18:48 / 21.11.2015
3068

Yana bir o‘zbekistonlik dzyudochi Tsindaodagi turnirda sovrindor bo‘ldi

Xitoyning Tsindao shahrida dzyudo bo‘yicha Gran-Pri turniri davom etmoqda. Musobaqada 59 davlatning jami 379 nafar dzyudochilari tatamiga chiqishyapti. Ular orasida Andrey Shturbabin bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi polvonlari ham bor.

Gran-Prining ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi hisobi yana bitta medalga boyidi.

73 kg vazn toifasida ishtirok etgan Mirali Sharipov uchinchi o‘rin uchun Shimoliy Koreya vakili Chol Gvan Kimga qarshi jang olib borib, g‘alaba qozondi.

Bu vazn toifasida chempionlik Yaponiya vakili Soichi Xasimotoga, kumush medal esa ozarbayjonlik Rustam Orujovga nasib etgan.

Bungacha, Gran-Prining ilk kuni tatamiga chiqqan 60 kg vazn toifasidagi Sharofiddin Lutfullayev bronza medaliga sazovor bo‘lgandi. O‘z guruhida avvaliga xitoylik Jian Kyu An, keyin kanadalik Serxio Pessoani mag‘lub etgan Lutfullayev gollandiyalik Jyeron Murenga yutqazib qo‘ydi.

O‘tish turnirida qatnashgan Lutfullayev mo‘g‘ulistonlik Xerlen Gandbolni mag‘lub etdi. Bronza medali uchun kechgan bahsda esa qozog‘istonlik Aybek Imashevni yengib, sovrindorlar safidan joy oldi.

Ushbu Gran-Pri turnirida Rio-2016 Olimpiadasiga muhim reyting ochkolari o‘ynalyapti. G‘olib dzyudochi 300 reyting ochkosiga ega bo‘ladi. Ikkinchi o‘rin egalari 180, uchinchi o‘rin sohiblari 120 reyting ochkosini o‘z hisoblariga yozib qo‘yishadi.

Top