17:09 / 22.11.2015
3153

Pol Skoulz "MYu"ning van Gaal bilan muvaffaqiyat qozonishiga shubha bilan qaramoqda

"Manchester Yunayted" jamoasining sobiq yarim himoyachisi Pol Skoulz "qizil iblislar"ning mavsumda sovrinlar qo‘lga kiritishiga ishonch bildirmayapti.

U gollandiyalik mutaxassis Lui van Gaal o‘zidan kutilgan natijalarni ko‘rsata olmayotganini ta'kidlab o‘tgan.

"Men "Manchester Yunayted"ning yaxshi holatda ekaniga ishonmayman. Jamoa van Gaal bilan APL chempionligini qo‘lga kirita olmasa kerak. Faqatgina "Arsenal" va "Manchester Siti" birdaniga kuchsizlansa (jarohatlar va boshqa muammolar - kun.uz izohi), "MYu" yuqorida qolish uchun imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin.

Jamoa juda kam gol urmoqda. Ueyn Runi o‘zi to‘p qidirib yuradi, unga avvalgi paytlardagidek to‘pni aniq yetkazib bera olishmayotgani uchun uning natijalari yomonlashgan. Yarim himoya chizig‘ining holati qoniqarli emas", deydi Skoulz.

Qayd etish kerakki, Skoulz "MYu"ning hozirgi murabbiyini o‘qtin-o‘qtin tanqid qilmoqda.

Uning tanqidlariga biroz oldinroq, van Gaal javob bergan, jamoani "butun bir armiyadan iborat murabbiylar boshqarayotgani, o‘ziga ish qoldirishmayotgani" haqida aytib o‘tgandi.

Ma'lumot uchun, 21 noyabr kuni "MYu" "Uotford"ga qarshi kechgan safar o‘yinida 2:1 hisobida g‘alaba qildi va ayni paytda jamoa 13 o‘yindan keyin 27 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rinda joylashgan.

Top