18:14 / 22.11.2015
3604

Qozog‘iston IIVda teraktlar tayyorlanayotgani haqidagi mish-mishlar inkor etildi

Qozog‘istonliklar WhatsApp mobil messenjeriga yirik savdo markazlarida teraktlar uyushtirilishi mumkinligi haqida xavotirli xabarlar olishmoqda, deb xabar bermoqda nur.kz nashri. Biroq mamlakat ichki ishlar vazirligi bu axborotni inkor qilmoqda.

“Muhim xabar keldi, hazil emas, keltirib o‘taman: “Tanishimga xabar kelgan: “Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi yig‘ilishdan keyin kelgan: gavjum joylarga, savdo markazi, ko‘ngilochar joylar, gipermarketlarga borilmasin. Rossiyaning Suriyadagi harakatlari tufayli bir qator teraktlar uyushtirilmoqda. Hurmatli hamkasblar, inobatga olib qo‘ying. IIV xabariga ko‘ra, 18 nafar terrorchi-xudkush yuborilgan, yaqin dam olish kunlari yirik savdo markazlarida teraktlar uyushtirilishi mumkin. Yaqinlaringiz va tanishlaringizni ogohlantirib qo‘ying. Iltimos bunga jiddiy munosabatda bo‘ling, bizda juda qattiq kuchaytirish joriy qilingan. Avtobusda portlovchi qurilma solingan paket topilgan, ogohroq va e'tiborliroq bo‘ling”, deyilmoqda yuborilayotgan xabarlarda.

Bu orada Qozog‘iston IIVda bu axborot tasdiqlanmayapti. Vazirlikda ta'kidlanishicha, respublikadagi vaziyat nazorat ostida qolmoqda.

“WhatsApp messenjeri va ba'zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida IIVga iqtibos keltirgan holda yirik savdo markazlarida teraktlar uyushtirilishi mumkinligi haqida axborot tarqatilmoqda. Fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardan olinayotgan xabarlarga ishonmaslikka, balki vakolatli davlat organlaridan olingan rasmiy xabarlarga tayanishga chaqiramiz”, deb aytilmoqda IIV xabarida.

Top