18:31 / 23.11.2015
2317

2015 yilda Toshkent shahrida 102,6 kilometrlik yerosti gaz quvuri qayta tiklandi

Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida gaz taqsimoti tizimlari rekonstruksiya qilindi. Eski gaz quvurlari to‘liq almashtirildi. Bu haqda UzA xabar qilgan.

Xabarda aytilishicha, joriy yilda 27,8 kilometr gaz tarmoqlarini kapital ta'mirlash belgilangan edi. Ayni paytda bu boradagi ishlar o‘z nihoyasiga yetkazilmoqda. Yerosti gaz quvurlarini ta'mirlashda polietilen quvurlar tortishning zamonaviy «quvur ichida quvur» texnologiyasidan foydalanilmoqda. Ushbu texnologiya mablag‘ va vaqtni tejash imkonini beradi.

Gaz ta'minoti tizimida gaz nazorati punktlari muhim bo‘g‘in hisoblanadi. O‘rta va yuqori bosimli 2 ming 232 gaz nazorati punkti taftish hamda profilaktika ko‘rigidan o‘tkazildi. Ushbu jarayonda aniqlangan nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilib, eskirgan va kam quvvatli uskunalar almashtirildi.

Aholining gaz ta'minoti bo‘yicha shikoyatlari texnik kengashda ko‘rib chiqilmoqda. Joriy yilda aholidan kelib tushgan arizalar va gaz uskunalarining texnik tekshiruvidan so‘ng Mirobod tumanidagi Temiryo‘lchilar ko‘chasidan to Sarako‘l ko‘chasigacha bo‘lgan 4,4 kilometrlik gaz quvurini almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yerosti gaz quvurlari xizmatining zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va ancha chuqurlikdagi gaz quvurlarining shikastlangani hamda gaz chiqishini aniqlashga qodir mobil laboratoriyasi yordamida 1300 kilometrlik gaz tarmog‘i tekshiruvdan o‘tkazildi. Aniqlangan barcha nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilib, 102,6 kilometrlik yerosti gaz quvuri qayta tiklandi.

Yerosti quvurlari xizmati nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu xizmat quvurlarning holatini muntazam monitoring qilib boradi. Jadvalga muvofiq, quduqlarning gaz bilan to‘yinish darajasi o‘lchanmoqda, gaz ta'minoti trassalari ko‘rib chiqilmoqda. Nosozliklar va gaz sirqib chiqishi aniqlanganda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, har bir tumanning o‘z avariya xizmati mavjud. Avariya xizmati kechayu kunduz ishlaydi va yerosti gaz quvurlari hamda iste'molchilarning o‘lchov priborlarini ta'mirlaydi.

Top