16:33 / 23.11.2015
4887

"Neftchi" bosh murabbiyi: O‘zbekiston chempionatidagi "kelishilgan o‘yinlar" muammosini jurnalistlar o‘rtaga olib chiqdi

Farg‘onaning "Neftchi" klubi rasmiy saytida "Neftchi" - "Qizilqum" (2:0) uchrashuvidan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani haqida ma'lumot berildi. Unda aytilishicha, matbuot anjumanida farg‘onaliklar klubi bosh murabbiyi Andrey Fyodorov ishtirok etgan va savollarga javob qaytargan.

Murabbiy dastlab, chempionatning oxirgi turidagi g‘alaba bilan barcha farg‘onalik futbol muxlislarini tabriklagan.

"Stadionda uch mingga yaqin tomoshabin kelgani, albatta bizni ranjitdi. Lekin, biz hammasini tushunib turibmiz, barcha ayb o‘zimizda. Axir so‘nggi 5 turda g‘alaba qozona olmaganimizdan keyin, muxlislarning ham sabr-toqati tugab, jamoaga bo‘lgan ishonchi yo‘qoldi. Men jamoa nomidan, bunday “Neftchi”ga xos bo‘lmagan mag‘lubiyatli o‘yinlar uchun farg‘onalik futbol ishqibozlardan uzr so‘rayman", deya gap boshlagan u.

"Chempionatdagi so‘nggi o‘yinni g‘alaba bilan yakunlab, barcha muxlislar va o‘z oldimizda, ozgina bo‘lsa ham aybimizni yuvib, ta'tilga yaxshi kayfiyat bilan chiqishni maqsad qilgandik. Afsus, so‘nggi turlarda bugungi uchrashuvda kuzatilgan shijoat, g‘alabaga intilish va maydonning har bir metrida kurash olib boradigan jamoaviy o‘yinni yo‘qotib qo‘gandik. Bugungi uchrashuvda men bironta bir o‘yinchini alohida ta'kidlamayman, chunki g‘alabaga butun jamoa erishdi. Men yigitlardan minnatdorman", deya davom etgan murabbiy.

U har bir chempionat o‘ziga xos voqealar bilan bog‘liq bo‘lishini ta'kidlagan va bu yilgi chempionat o‘zining chempionlik va oliy ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish jarayonlari bilan qiziq bo‘lganini qayd etgan.

"So‘nggi turgacha, nazariy jihatdan kim chempion bo‘ladi-yu, kim Oliy ligani tark etishi katta savol bo‘lib turdi. Oxir oqibat baribir kuchlilar xaqli ravishda o‘z maqsadlariga erishdi. Afsus, biz ham OChLga beriladigan o‘rin uchun kurashga kirishgan edik, lekin jamoamizning bu vazifani uddalashga kuchi yetmadi. Balkim, chempionat arafasida biz o‘z oldimizga 5-o‘rinni egallashni maqsad qilib qo‘yganimiz va shunga yarasha imkoniyatlarimizdan kelib chiqib tayyorgarlik ko‘rganimiz uchun bu “vazifa”ni bajara olmadik. Biz uchun chempionat tekis, bir xil bo‘lmadi. Gohida 8ta o‘yinda ketma – ket g‘alaba nashidasini surgan bo‘lsak, gohida ketma-ket 5ta turgacha g‘alabasiz o‘yinlar o‘tkazdik. Albatda chempionatda 5-o‘rini egalab, asosiy vazifani bajarganimizdan xursand bo‘lsak, qo‘shimcha “vazifa”, 4-o‘rinni egallay olmaganimizdan juda ham xafamiz. Shu bilan birga, bu mavsum “Neftchi” yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishini isbot qildi. Chempionatning yakuni jadvalida, bizdan yuqorida o‘rinlarni egallagan 4 jamoadan 10 ochko tortib olganimiz ham yomon ko‘rsatkich emas", deydi farg‘onaliklar murabbiyi.

U jurnalistlar chempionatning qiziqarli kechishiga o‘z hissasini qo‘shganini e'tirof etgan.

"Qolaversa, chempionatning qiziqarli o‘tishiga sport jurnalistlarning, gazeta, internet, TV va radioning ham o‘rni yuqori bo‘ldi. Bilishimcha, bu yilgi chempionatda “kelishilgan o‘yinlar” tushunchasi ham aynan sport jurnalistlarning sa'y harakatlari bilan o‘rtaga chiqdi. Aslida, futbolning rivojlanishida muxlislar qatori, sport jurnalistlarning o‘rni ham beqiyosdir. Sport mediasi rivojlangan mamlakatda albatda futbol rivojlanadi", deydi Andrey Fyodorov

Uning bildirishicha, "Neftchi" jamoasi 15 dekabrgacha ta'tilga chiqadi va hozircha klubda kim qolib, kim ketishi, kim kelishi ma'lum emas.

Top