O‘zbekiston | 19:12 / 23.11.2015
4626
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning to‘rtta banki kapitalini ko‘paytirish uchun 275 mlrd so‘m oladi

O‘zbekiston Moliya vazirligi 2015-2016 yillarda to‘rtta yirik bankning ustav kapitalini ko‘paytirish uchun 275 mlrd so‘m yo‘naltiradi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2015 yil 26 oktabrda “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va ularning investitsion faolligini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Mikrokreditbank”, “Agrobank” va “Qishloq qurilish bank” tijorat banklarining ustav kapitallarini oshirish uchun 275 mlrd so‘m yo‘naltiradi.

Xususan, 100 mlrd so‘m “Agrobank”ga va 75 mlrd so‘m Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga ajratiladi, “Mikrokreditbank” va “Qishloq qurilish bank” 50 mlrd so‘mdan oladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Qishloq qurilish bank” ustav kapitallari qishloq joylarida individual namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joy qurilishi dasturini amalga oshirish doirasida kredit liniyalari ko‘rinishida har yili ajratiladigan mablag‘lar hisobiga ko‘paytiriladi.

“Agrobank” va “Mikrokreditbank”ning kapitallashuviga Moliya vazirligining byudjyetdan tashqari hisobida saqlanuvchi mablag‘lar va davlat byudjyetiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Markaziy bank daromadlarining bir qismi yo‘naltiriladi.

2015 yilning 9 oyi natijalariga ko‘ra, “Agrobank”ning ustav kapitali 267,648 mlrd so‘mni tashkil qildi. 2015 yilning 1 sentabrida “Mikrokreditbank” ustav kapitali 200,166 mlrd so‘mni, “Qishloq qurilish bank”ning ustavi kapitali 1 oktabrga 322, 907 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish