Tyuningdan keyingi avtomobillar
Konveyyerdan chiqqan avtomobil har jihatdan zo‘r bo‘lishi mumkin — dizayni deysizmi, tashqi ko‘rinishi deysizmi, bezagi deysizmi. Ammo bir jihati chatoq — boshqalarda ham xuddi shunday avtomobil bo‘lishi mumkin. Avtomobili boshqalarnikidan ajralib turishini istaganlar esa tyuning-atelelarga murojaat qilishadi. Bunday atelelarda pardozga uchragan avtomobillar esa “egasi ham tanimaydigan” holatga keladi. Ana shunday pardozlangan avtomobillar o‘nligi bilan tanishing.
“Hennessey Performance Venom GT”
“Hennessey” markasi ijodkori Jon Xennesining butun fikr-zikri superavtomobil yaratishda. U quvvati yuqori bo‘lgan avtomobillarni qayta ishlab, yanada qudratliroq qilish ustida ish olib boradi. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida u bor e'tiborini “Dodge Viper” modellariga qaratgan va ularni haqiqiy “tezkor maxluqlar”ga aylantirgan. Lekin keyingi paytda u “kamtargina” “Lotus” ustida ish olib bormoqda. “Hennessey Performance Venom GT” zavodda ishlab chiqarilgan modelidan tubdan farq qiladi. Og‘irligi bir tonnalan kamroq avtomobilga yetti litrli 1120 ot kuchiga ega V8 dvigateli o‘rnatilgan bo‘lib, u avtomobil tezligini uch soniyadan kamroq vaqt ichida soatiga yuz kilometrga yetkazish imkoniyatini beradi. Avtomobilning narxi 1 250 000 dollarga teng.
“Icon Thriftmaster Pickup”
“Icon” avtomobil atelesi retro-avtomobillarni qayta tiklashga va bir necha yil ilgarigi modellar asosida o‘z loyihalarini yaratishga ixtisoslashgan. Atelening eng yirik muvaffaqiyati esa “Icon Thriftmaster Pickup” loyihasi bo‘ldi. Mazkur loyiha asosida bir necha o‘nta avtomobil ishlab chiqarildi. “Icon Thriftmaster Pickup” asosida “Chevrolet” pikapi yotadi. Mazkur pikap o‘tgan asrning elliginchi yillari boshlarida ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘sha davrning eng ommabop avtomobillaridan bo‘lgan. Mashinaning ko‘rinishi o‘sha davr modeli bilan bir xil bo‘lib, asosiy farq unga yangi, zamonaviy qimmatbaho detallar o‘rnatilganligidadir.
“Singer Vehicle Design Porsche 911”
Yarim asrdan buyon “Porsche 911” sport uslubidagi avtomobillar ramzi bo‘lib kelmoqda. Avtomobilning har bir yangi avlodi hech shubhasiz ilgarigisidan a'loroq ishlab chiqariladi. Lekin dunyoda “Porsche 911”ning eski modellarini suyadigan insonlar ham topiladi. Aynan ana shunday insonlar uchun “Singer Vehicle Design” atelesi “Porsche 911”ning o‘tgan asr to‘qsoninchi yillaridagi modellarini qayta tiklash bilan shug‘ullanadi. Avtomobil kuzovi uglerod tolasidan tayyorlangan bo‘lib, “Bi-Xenon” yorug‘lik texnikasi va 17 dyuymli quyma disklar o‘rnatilgan.
“Lingenfelter Performance Engineering Reaper”
“General Motors”ning shu'ba atelesi “Chevrolet” avtomobillarining kuchaytirilgan talqinlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. “Lingenfelter Performance” 1000 ot kuchiga ega “C7 Stingray” modeli bilan mashhur. Atelening “Reaper” deb nomlanuvchi yangi loyihasi har bir amerikalikning orzusini ifodalaydi. Pikap kapoti ostida 550 ot kuchiga ega “V8” turbodvigateli joylashgan. Avtomobilga tishli rezinasi bo‘lgan 33 dyuymli disklar o‘rnatilgan.
“Shelby 427 Cobra 50th Anniversary Edition”
Roppa-rosa yarim asr oldin Keroll Shelbi antiqa ishga qo‘l urdi. U “Ac Cobra” turkum avtomobilini “427 Cobra” deb nomlanuvchi tezkor avtomobilga aylantirdi. U o‘ta tezkor sport avtomobili deb tan olindi.
“VL Automotive Destino Destino”
Ro‘yxatimizdagi hozircha sotib olishning iloji bo‘lmagan yagona avtomobil.
“Fisker” gibrid avtomobili asosida qayta ishlangan bu avtomobil oddiy sedandan 600 ot kuchili dvigatel o‘rnatilgan va o‘ta qimmatbaho salonga ega superavtomobilga aylandi.
“Superformance Caterham Seven Superformance”
Janubiy Afrikadagi atele afsonaviy “Caterham Seven” sport avtomobilini turli talqinlarda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ateleda avtomobilning beshta turi ishlab chiqariladi. Ular orasida eng kuchlisi 260 ot kuchiga ega dvigatelli model bo‘lib, u tezligini uch soniyada soatiga yuz kilometrga yetkaza oladi.
“Legacy Classic Trucks Power Wagon Willys MB”
Amerikaning mumtoz yo‘ltanlamasi boy tarixga ega. Bu mashina turli harbiy nizolarda ishtirok etgan, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida minilgan va bugungi kunda kolleksionerlarning orzusiga aylangan. “Legacy Classic” mashhur avtomobilning kuzovidan tashqari barcha detallarini yangilash bilan shug‘ullanadi. Mashinaga zamonaviy “Dodge”larning 6,7 litrli dvigateli, kuchli shassi va har qanday to‘siqlardan o‘ta oladigan 42 dyuymli shinalar o‘rnatilgan.
“American Expedition Vehicles Brute Double Cab”
“Jeep” rahbariyati vaqti-vaqti bilan pikap ishlab chiqarish rejasi borligi haqida bildirgan bo‘lsa-da, ammo hech qachon bu reja amalga oshmagan. Bu ishga “American Expedition Vehicles” atelesi qo‘l urdi. Ateledagilar “Wrangler”ning shassisini bir metrga uzaytirishdi, kuzov qo‘shishdi va ajoyib pikap yaratishdi.
“Brabus B63S-700 6X6”
Olti g‘ildirakli “Mersedes” Avstriya armiyasi tasarrufida bo‘lgan uch o‘qli “G-Class” pikapi asosida yaratilgan. Modelning uzunligi 5875 millimetr, eni – 2110 millimetr, balandligi 2280 millimetrga teng. Yo‘ltanlamasning og‘irligi 3850 kilogrammni tashkil etadi. U 544 ot kuchiga ega ikkita turbinasi bor 5,5 litrli benzin dvigateli bilan jihozlangan. Avtomobilning transmissiyasi yetti pog‘onali avtomat transmissiya.