Jamiyat | 12:35 / 24.11.2015
2093
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada qirolichaning yubileyi marosimi uchun chiqarilgan chiptalar sotilishi boshlandi

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchining 90 yoshga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan asosiy yubiley tadbirida ishtirok etishni istaganlar uchun chiptalar sotish boshlandi.

Bunday tadbirlar 2016 yilning 12-15 may kunlari Vindzor qal'asidagi Houm parkida o‘tkaziladi.

Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 09:00da (Toshkent vaqti bilan soat 14:00) boshlanadigan bayramda bir vaqtning o‘zida 25 ming kishi qatnashishi mumkin. Marosim tashkilotchilari chiptalar tez vaqt ichida sotilib ketishini taxmin qilishgan.

4 kun davom etadigan sayllarda tomoshabinlar katta teatr namoyishlari (1500 musiqachi, raqqoslar, qo‘shiqchi va aktyorlar, shuningdek, 900 ot ishtirokida) guvohiga aylanishlari mumkin.

Bayram tantanalarida dunyoning turli mamlakatlaridan (Kanada, Avstraliya, Ummon, Fiji va boshqa davlatlar) keladigan ko‘p sonli harbiy orkestrlar hamda kavaleriyalar bo‘ladi. Tomoshabinlar uchun Ozarbayjon kazaklaridan iborat otliqlar chiqishi ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Marosimning uch kunidagi tomoshalarni ko‘rish uchun Vindzorlar oilasi ham tashrif qiladi. Yelizaveta Ikkinchining o‘zi esa to‘rtinchi kunda xalq oldidan namoyon bo‘ladi.
Dastlabki 3 kungi tadbir chiptalari narxi 55 funtdan 165 funtgacha (83 dollardan 250 dollargacha). To‘rtinchi kundagi marosim uchun esa chipta narxlari 75 funtdan 195 funtgacha baholangan (113 dollardan 295 dollargacha). Qirolichaning o‘zi ishtirok etadigan 15 may kungi tadbir yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Qirollik oilasidagilarning ma'lum qilishicha, chiptalar sotuvidan tushgan mablag‘larning barchasi xayriya maqsadida yo‘naltiriladi.

2015 yilning 9 sentabrida Qirolicha Yelizaveta II boshqaruv davomiyligi bo‘yicha rekord o‘rnatdi. U shu kuni taxtda 63 yil, yetti oy va ikki kun turgan o‘zining katta buvisi qirolicha Viktoriya rekordini yangiladi.

Qirolicha Yelizaveta II (Queen Elizabeth II) 1926 yilning 21 aprelida Londonda gersog va gersoginya Yorklar oilasida dunyoga kelgan.

1953 yilning 2 iyun kuni Londonning Vestminster abbatligida Yelizavetaga toj kiydirish rasmiy marosimi bo‘lib o‘tgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish