10:15 / 24.11.2015
2091

O‘zbekistonlik velosipedchilar Osiyo Kubogining ikkinchi bosqichida 12ta medal olishdi

2015 yilning 17-20 noyabr kunlari Hindiston poytaxti Dehli shahrida velotrek bo‘yicha o‘smir-qizlar o‘rtasida Osiyo kubogining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Qit'aning ko‘plab umidli, yosh velotrekchilari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur musobaqada O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a'zolari 9ta oltin va 3ta kumush medalga sazovor bo‘lishdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Turnirda 10 davlatdan 100 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan.

Jamoaviy poygalarda Semen Sevastyanov, Rustem Sultanov, Dilmurodjon Siddiqov, Jahongir A'zamov va Dmitriy Pankratov kabi sportchilardan iborat jamoa marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib kelib, oltin medalga sazovor bo‘lishgan. Jamoaviy sporing musobaqasida Dilmurodjon Siddiqov, Dmitriy Pankratov va Jahongir A'zamovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi eng yuqori natijani qayd etdi. Ochkolar bo‘yicha o‘tkazilgan guruh poygalarida Dilmurod Siddiqovga teng keladigan topilmadi.

O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga kumush medallarni Andrey Izmaylov, Nafosat Koziyeva hamda Anastasiya Ten keltirishdi.

Azizbek Abduraximov bosh murabbiy bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi 22 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:10da Toshkentga qaytib keldi.

9-11 oktabr kunlarida Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan velotrek bo‘yicha Osiyo Kubogining birinchi bosqichida O‘zbekiston vakillari 7ta medal olishgandi.

Top