Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
USA Today: Rossiya va Eronning Suriyadagi maqsadlari boshqa-boshqa
Rossiya va Eronni birlashtirib turgan umumiy manfaatlar neft eksporti, yadroviy dastur hamda prezident Bashar Asadni saqlab qolish bilan bog‘liqdir. Lekin, USA Today kolumnistining fikricha, har uchala masalada ular hamkor emas, ko‘proq, raqobatchiga o‘xshab harakat qilmoqda.
Dushanba kuni Eronga tashrifi chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki davlat ko‘plab umumiy maqsadlarga ega ekanligini ta'kidladi. Shu bilan birga, tahlilchilarning fikricha, bu ittifoq nima bilan yakunlanishi noma'lum.
“Gap neft haqida ketganda, ular raqobatchi. Har ikkalasi ham Asadni himoya qilayotgani ularning bu boradagi maqsadlari degani emas”, - deyiladi materialda.
Rossiya Eronga yadroviy yoqilg‘i va texnologiyalarni sotmoqchi, ammo rossiyalik ishlab chiqaruvchilarning sekin harakat qilayotgani Tehronni Yevropadan qo‘shimcha hamkorlar qidirishga majbur qilmoqda. Eron, shuningdek, o‘zining gaz va neft konlarini rivojlantirib, qazib olishni kuniga 1 mln barrelga yetkazmoqchi. Bu esa neft narxining tushishiga olib keladi va yana Rossiyaning manfaatlariga zid keladi.
Suriyada ham ikki davlat o‘rtasida ziddiyat bor.
“Rossiya va Eron Asadni hokimiyat tepasida qoldirishga harakat qilmoqda, ammo ularning sabablari har xil. Eron Asadni “Hizbulloh” jangarilarini qo‘llab-quvvatlashda ularga yordam berishini kutmoqda”, - dedi AQSh Atlantik kengashi vakili Fred Xof.
Eron uchun “Hizbulloh” Isroilga ta'sir ko‘rsatishning eng muhim vositalaridan biridir. Rossiya esa, o‘z navbatida, bu tashkilot bilan hamkorlik qilmaydi, Putinning asosiy maqsadi – AQShning demokratizatsiya loyihasiga xalaqit berish.
Shu tariqa, Eron, “Hizbulloh”dan tashqari, Afg‘oniston va Iroqdagi ko‘ngillilarga ko‘mak berishda davom etmoqda, Rossiya esa Suriya armiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu Moskva va Tehron ittifoqining oxiri borligidan dalolat beradi, deb xulosa qiladi maqola muallifi.
Eldor Asanov tayyorladi