11:03 / 25.11.2015
3009

Amazon Nyu-York metrosidan natsizm ramzlari tushirilgan reklamani olib tashlaydi

AQShning Amazon kompaniyasi jamoatchilik bosimi ostida Nyu-York metrosida joylashtirilgan yangi televizion shou reklamasini olib tashlashga majbur bo‘lmoqda. Ushbu reklama materialida natsizm davri Germaniyasi va militarizm yillaridagi Yaponiya imperiyasining ramzlari aks etgan.

Shahar transport xizmatlarining rasmiy vakili Kevin Oritz jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida bu borada bayonot tarqatdi.
Yaqinda onlayn rejimida translyatsiya qilinadigan teleserial asosida Filip Dikning 1962 yili chop etilgan “Baland qasrdagi odam” romani yotadi. Syujyetga ko‘ra, Germaniya natsistlari va Yaponiya militaristlari Ikkinchi Jahon urushida g‘alaba qozonib, AQShni mayda yarim qaram davlatchalarga bo‘lib yuboradi.

Reklama uchun Amazon gavjum yo‘nalishlardan birida yuruvchi poyezdni tanladi. O‘rindiqlar va devorlarga film sahnalari aks etgan plakatlar joylashtirildi. Filmda ko‘rsatiladigan AQSh bayrog‘ida yulduzlar o‘rniga qanotlarini yozib turgan burgut joylashtirilgan.
Reklama kampaniyasi 14 dekabrga qadar davom etishi lozim edi. Ammo Nyu-York hokimi Bill de Blazio, shuningdek, jamoatchilik faollari reklamani tezroq tugatishga chaqirdi, negaki reklama posterlarida natsistlar ramzlari qo‘llangan edi.

De Blazio reklama rasman qonunga zid kelmasligini, ammo undagi ramzlar “mas'uliyatsizlarcha” qo‘llanganini ta'kidladi.
“Bu Ikkinchi Jahon urushi va Xolokostni boshidan kechirgan ko‘plab odamlar uchun chinakam haqoratdir, - dedi u. – Amazon uni olib tashlashi lozim”.
Yahudiylar huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan birining direktori Enn Tobak jurnalistlarga bergan sharhlarida “Men ishga ketayotganimda natsistlar emblemasini ko‘rib ketishga majbur emasman”, deb ta'kidladi.

Top