10:29 / 25.11.2015
2914

AQShda iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Duglas Nort vafot etdi

Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Duglas Nort 23 noyabr kuni AQShda 96 yoshida olamdan o‘tdi. U o‘qituvchilik qilgan Sent-Luisdagi Vashington universiteti saytida xabar berilishicha, olim Michigan shtatida joylashgan Benzoniya qishlog‘idagi yozgi uyida vafot etgan.

Duglas Nort o‘zining institutsional iqtisodiyot va iqtisodiy tarix sohasidagi ishlari bilan tanilgan. Jumladan, u tarixiy kesimlarda turli institutlarning ahamiyatini tadqiq qilgan, shuningdek, sanoat inqilobi kontekstida AQSh va Yevropa davlatlarining iqtisodiy taraqqiyotini ko‘rib chiqqan. Olim xususiy mulk huquqiga alohida e'tibor qaratgan.

Nort amerikalik iqtisodchi Robert Fogel bilan birga 1993 yilda “iqtisodiy tarix sohasida unga iqtisodiy va institutsional o‘zgarishlarga oydinlik kiritishga imkon beruvchi iqtisodiy nazariyalar va miqdoriy usullarni taklif etishdagi tadqiqotlari uchun” Nobel mukofoti taqdim etilgan.

Top